
Qozog‘iston Xalq partiyasi fraksiyasi deputatlari mamlakatda alkogol mahsulotlarini sotish vaqti va joylarini cheklashni taklif qildi. Bu haqda Zakon.kz xabar berdi.
Parlament so‘rovida Majlis a’zolari alkogol eng og‘ir jinoyatlarning asosiy sababi ekani va uning aylanishi ustidan mavjud nazorat yetarlicha samara bermayotganini ta’kidladi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi har to‘rtta talonchilik va yo‘l-transport hodisalaridan biri mastlik holatiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik jinoyatlarining yarmidan ko‘pi ham aynan ichkilik oqibatida kelib chiqadi.
Deputatlar chakana savdo do‘konlarining ko‘pligi sababli voyaga yetmaganlarga spirtli ichimliklar sotishni nazorat qilish jismonan imkonsiz ekanini urg‘uladi. Parlament a’zolari hukumatga bir qator qat’iy choralar ko‘rishni taklif qildi. Masalan, alkogolli ichimliklarni majburiy raqamli yorliqlash kerak bo‘lgan tovarlar ro‘yxatiga kiritish, muayyan savdo nuqtalarini aniqlash va boshqa joylarda sotishni taqiqlash, soat 20:00 dan keyin do‘konlarda alkogol mahsulotlarining chakana savdosini taqiqlash, kafe va restoranlarda soat 22:00 dan keyin alkogol mahsulotlarini sotishni taqiqlash, spirtli ichimliklarni onlayn sotishni butunlay taqiqlash hamda yoshlar orasida alkogolizmning zararli ta’sirining oldini olish bo‘yicha yagona dastur ishlab chiqish.
Deputatlar, shuningdek, spirtli ichimliklar sotadigan do‘konlarning umumiy sonini cheklash muhim deb hisoblashadi. Ularning fikricha, majburiy raqamli yorliqlash noqonuniy savdoni yanada chuqurroq monitoring qilish imkonini beradi va mamlakatda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan samarali vositaga aylanadi.
Avvalroq «Kursiv» Yevropa va Markaziy Osiyoda kuzatiladigan o‘lim holatining uchdan biri spirtli ichimlik ichish oqibatida yuzaga kelishi haqida yozgandi.