
Motorinvest kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Rossiyaning Evolute brendi i-Space gibrid krossoverining to‘liq g‘ildirakli versiyasini sotishni boshladi.
Avtomobillar vakolatli dilerlik markazlarida besh o‘rindiqli bitta konfiguratsiyada mavjud. To‘liq g‘ildirakli versiya deyarli 2,9 mln rubldan ($36,4 ming) boshlanadi. Rossiyada gibrid krossover narxining 35 foizi miqdorida, maksimal 925 ming rublgacha ($11,7 ming) bo‘lgan davlat subsidiyalari ham bor.

To‘liq g‘ildirakli Evolute i-Space orqa qismida qo‘shimcha elektr motori o‘rnatilgan quvvat blokiga ega bo‘lib, jami 367 ot kuchi (470 Nm) ishlab chiqaradi, bu esa 0 dan 100 km/soat gacha (62 milya/soat) tezlikni 7,1 soniyada oshirish imkonini beradi. WLTC sikliga ko‘ra, masofa 1000 kmgacha. Yoqilg‘i sarfi 100 km uchun 5,6 litrni tashkil qiladi. Krossover CCS2 va Type2 ulagichlari orqali sekin va tez zaryadlana oladi. 30 foizdan 80 foizgacha eng tez zaryadlash uchun 20 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi.

Bagaj sig‘imi orqa o‘rindiqlar buklangan holda 934 litrni tashkil etadi va uni 2125 litrgacha kengaytirish mumkin. 15,6 dyuymli Full HD ekranli media tizimi orqali faqat Rossiya onlayn xizmatlaridan foydalanish mumkin. Avtomobil kengaytirilgan qishki paketga ega, unga isitiladigan old oyna yuvgich nozullari, isitiladigan va shamollatiladigan old va orqa o‘rindiqlar hamda to‘liq kenglikdagi isitiladigan rul kiradi.

Barcha Evolute egalari avtomobilning holati va joylashuvi haqida ma’lumotni ko‘rsatadigan va uning tizimlarini boshqarish imkonini beruvchi bepul smartfon ilovasidan foydalanishlari mumkin. Ilovaning funksiyalari zaryadlash stansiyalarini qidirish va bron qilishni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq «Kursiv» avtomobil uchun eng yaxshi videoregistrator qaysiligi, uni tanlash mezonlari, eng yaxshi modellar, ularning afzalliklari hamda O‘zbekistondagi narxlarini bir joyga jamlagandi.