Gadjetlar

Samsung Galaxy AI’ning asosiy funksiyalari bepul bo‘lib qoladi

Kompaniya rasmiy ravishda bepul bo‘lishini tasdiqladi
Samsung Galaxy AI’ning asosiy funksiyalari bepul bo‘lib qoladi
Samsung Galaxy AI’ning asosiy funksiyalari bepul bo‘lib qoladi / Foto: Samsung

Samsung kompaniyasi rasmiy ravishda sun’iy intellektning asosiy funksiyalari foydalanuvchilar uchun doimiy ravishda bepul bo‘lishini tasdiqladi. Bu ma’lumot Samsung’ning Galaxy AI bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash sahifalarida foydalanish shartlari yangilangach ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq Galaxy S24 seriyasi bilan birga Galaxy AI taqdim etilganda, Samsung bu funksiyalar faqat ma’lum muddat 2025-yil oxirigacha bepul bo‘lishini bildirgan edi. Shu sababli keyinchalik ushbu imkoniyatlar pullik obunaga aylanishi mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo‘lgan. Hatto 2026-yil yanvar oyigacha Samsung saytida shu mazmundagi ogohlantirish saqlanib qolgan.

Yaqinda kompaniya bu matnni o‘zgartirdi va yangilangan izohda Samsung tomonidan taqdim etilgan Galaxy AI’ning asosiy funksiyalari bepul ekanini aniq ko‘rsatdi. Bu esa foydalanuvchilar ushbu imkoniyatlardan 2026-yilda va undan keyin ham bepul foydalanishda davom etishini anglatadi.

Shu bilan birga, Samsung kelajakda yangi yoki yanada rivojlangan SI funksiyalarini joriy qilishi mumkinligini ham bildirdi. Bunday qo‘shimcha imkoniyatlar pullik bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, ammo hozirgi asosiy funksiyalar bepul bo‘lib qoladi.

Kompaniya izohiga ko‘ra, asosiy Galaxy AI funksiyalariga qo‘ng‘iroqlar paytida yordam, matn yozishda ko‘mak, suratga olishni yaxshilash, tarjimon, eslatma va qaydlar bilan ishlash kabi ko‘plab vositalar kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil boshida test qilingan arzon smartfonlar haqida ma’lumot berilgandi. Tom’s Guide sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan smartfonlar reytingini ma’lum qildi, ular orasida hatto iPhone va Samsung modellari ham bor.