Gadjetlar

SK Hynix xotira chiplari tanqisligi sabab yangi zavodlarni erta ishga tushiradi

Smartfonlar narxi biroz tushadimi
SK Hynix xotira chiplari uchun yangi zavodlarni ishga tushirmoqda
SK Hynix xotira chiplari uchun yangi zavodlarni ishga tushirmoqda / Rasm Grok SI

SK Hynix kompaniyasi dunyo bo‘yicha xotira chiplariga talab keskin oshgani sabab yangi zavodlarini rejalashtirilganidan tezroq ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.

Kompaniya Janubiy Koreyaning Yongin shahrida qurilayotgan birinchi chip ishlab chiqarish zavodini belgilangan muddatdan uch oy oldin, taxminan, 2027-yil fevralida ishga tushirishini tasdiqladi. Shuningdek, kelasi oy Chxondju shahrida yuqori o‘tkazuvchanlikka ega xotira mikrosxemalari HBM ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi M15X zavodi faoliyat boshlaydi.

Bu qaror sun’iy intellekt tizimlarida qo‘llaniladigan HBM xotiralariga bo‘lgan talabning keskin ortishi bilan bog‘liq. Bunday texnologiyalardan Nvidia va AMD kabi yirik kompaniyalar foydalanmoqda. SK Hynix hozirda HBM bo‘yicha yetakchi yetkazib beruvchilardan biri bo‘lib, OpenAI’ning Stargate loyihasida ham muhim hamkor hisoblanadi. TrendForce ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida ayrim xotira mahsulotlari narxi 300 foizdan ortiq oshgan, bu esa chip ishlab chiqaruvchilarni ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga majbur qilmoqda.

Kompaniya Chxondju shahrida joylashadigan P&T7 nomli yangi chiplarni qadoqlash va sinovdan o‘tkazish zavodiga $13 milliard sarmoya kiritmoqda. Ushbu korxona M15X zavodiga yaqin hududda quriladi. Qurilish ishlari 2026-yil aprel oyida boshlanib, 2027-yil oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

Ishlab chiqarishni kengaytirish SK Hynix’ning tashqi yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilarga qaramlikni kamaytirish va o‘z quvvatlarini oshirishga qaratilgan kengroq strategiyasining bir qismi. SK Hynix ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya har oy ishlab chiqarish strategiyasini qayta ko‘rib chiqadi va yirik mijozlar orasida bir yillik shartnomalar o‘rniga ko‘p yillik yetkazib berish kelishuvlariga o‘tish tendensiyasi kuchayib bormoqda.

Hozirda kompaniya jahon HBM bozorining 60 foizidan ortig‘ini egallab turibdi. Sun’iy intellekt yechimlariga talab o‘sishda davom etar ekan, SK Hynix yetakchi mavqeini saqlab qolish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi loyihalarni tezroq ishga tushirishga intilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq TrendForce tahlilchilari smartfonlar uchun xotira chiplaridagi tanqislik 2026-yilda hatto eng arzon modellarning ham sezilarli qimmatlashishiga olib kelishini bildirgandi. Mutaxassislarning aytishicha, sun’iy intellekt tufayli xotira chiplariga talab oshgan, zavodlarning ombor zaxiralari esa odatdagi sakkiz haftadan to‘rt haftagacha qisqargan.