
O‘zbekiston so‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bunday davlatlar soni 19 taga yetdi. Xorijiy davlatlarda 2017-yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochildi. Ularning umumiy soni 60 taga yetdi. Diplomatik aloqalar o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 taga chiqdi.
«Barcha diplomatik vakolatxonalarimiz buni to‘g‘ri anglab, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solyaptimi? Diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa – natija!
Shu bois hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu – investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yo‘laklarini ishga soladigan, turistlar oqimini ko‘paytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir», — deya qayd etgan prezident.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘llagani haqida yozgan edi.