Avto

Tesla avtoboshqaruv dasturini faqat oylik obuna asosida taklif qiladi

Qarorga ko‘ra, ushbu sanadan keyin avtoboshqaruv tizimini bir martalik to‘lov evaziga sotib olish imkoni bo‘lmaydi
Foto: The Indipendent

Tesla 14-fevraldan boshlab avtoboshqaruv dasturini faqat oylik obuna asosida taklif qiladi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Ilon Mask ma’lum qildi.

Qarorga ko‘ra, ushbu sanadan keyin avtoboshqaruv tizimini bir martalik to‘lov evaziga sotib olish imkoni bo‘lmaydi. Hozirda Tesla avtomobillari egalari dasturdan $8 minglik bir martalik to‘lov orqali yoki oyiga $99 obuna asosida foydalanishi mumkin. Yangi tartib bu modelni bekor qiladi va foydalanuvchilarni faqat obunaga o‘tishga majbur qiladi.

2025-yilda Milliy avtomobil yo‘llari harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu tizim bilan jihozlangan 2,88 mln Tesla avtomobili yuzasidan tekshiruv boshlagan edi. Bunga yo‘l harakati qoidalari buzilgani haqidagi 50 dan ortiq xabar va bir qator avtohalokatlar sabab bo‘lgan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mijozlarga yetkazib beriladigan avtomobillarda avtoboshqaruv tizimining nazorat talab etuvchi versiyasi qo‘llaniladi. Shu bilan birga, ayrim zavodlarda avtomobillarni yig‘ish liniyasidan yetkazib berish maydoniga ko‘chirishda tizimning nazoratsiz versiyasidan foydalaniladi.

Tesla’ning avtoboshqaruv tizimi shahar ko‘chalarida harakatlanish, svetofor va yo‘l belgilariga rioya qilish kabi keng funksiyalarni qamrab oladi. Shunga qaramay, kompaniya bu tizim to‘liq avtopilot emasligini ta’kidlaydi. Dasturdan foydalanish vaqtida haydovchi yo‘lni doimiy kuzatib borishi va zarurat tug‘ilganda boshqaruvni qo‘lga olishi shart.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri arzon Tesla Model Y avtomobili tez orada taqdim etilishi haqida yozgan edi.