Banklar va moliya

Tugatilayotgan «Yangi Bank»da kafolatlanmagan omonat mablag‘lari qanday qaytariladi

Bankdagi mijozlarning jami omonatlari 240 milliard so‘m
Foto: «Yangi bank»

Omonatlarni kafolatlash agentligi va Markaziy bank vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda «Yangi Bank» AJ tugatilishi jarayoni, omonatlar va kreditlar taqdiri bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi. Agentlik rahbari Ulug‘bek Hamdamovning aytishicha, jarayon to‘liq qonunchilik asosida, bosqichma-bosqich va shaffof tarzda olib boriladi.

Ma’lum qilinishicha, bank bo‘yicha kafolatlash hodisasi 15-yanvar sanasi bilan rasmiylashtirilgan. Hozirda bankda 32 mingdan ortiq omonatchi mavjud bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning 32 153 nafari davlat tomonidan kafolatlangan omonatlar toifasiga kiradi. Ushbu omonatlar bo‘yicha 240 milliard so‘m mablag‘ Omonatlarni kafolatlash fondi hisobidan qoplab beriladi.

Tugatish jarayoniga ko‘ra, 8 ish kuni ichida omonatchilar reyestri shakllantiriladi, shundan so‘ng 9-ish kunidan boshlab 15 ish kuni davomida agent-bank orqali to‘lovlar amalga oshiriladi. Yangi qonun talablariga muvofiq, ushbu muddat ichida kamida 75 foiz omonatchilar kompensatsiya olishi ko‘zda tutilgan. Agentlik hozirda agent-bank tanlash va onlayn to‘lov mexanizmlarini joriy etish ustida ishlamoqda.

Plastik kartalardagi mablag‘lar ham talab qilib olinguncha omonat sifatida baholanadi va 200 million so‘mgacha bo‘lgan qismi kafolatlanadi. Ular ham boshqa omonatlar kabi agent-bank orqali qaytariladi.

200 million so‘mdan ortiq omonatga ega bo‘lgan 373 nafar omonatchining kafolatdan ortiq qismi esa likvidatsiya komissiyasi tomonidan, bank aktivlari hisobidan navbat asosida to‘lab beriladi. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, ushbu toifadagi omonatlar hajmi 90 milliard so‘mdan ortiq.

Yuridik shaxslar masalasida aytilishicha, bankda ularning 104 milliard so‘mga yaqin mablag‘lari mavjud. Qonunchilikka muvofiq, yuridik shaxslarning 200 million so‘mgacha bo‘lgan qismi kafolatlanadi, qolgan mablag‘lar esa tugatish komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda qaytariladi.

Kredit olgan mijozlar bo‘yicha ham aniq tushuntirish berildi: bank tugatilgani kredit majburiyatlarini bekor qilmaydi. Kredit shartnomalari o‘z kuchida qoladi va to‘lovlar grafik asosida davom ettirilishi shart. To‘lovlar qaysi hisob raqamlariga amalga oshirilishi bo‘yicha tugatish komissiyasi 3 ish kuni ichida rasmiy e’lon beradi.

Rasmiylar fuqarolarni vahimaga berilmaslik, firibgarlik takliflariga ishonmaslikka chaqirdi. «Pulni tez chiqarib beraman», «bankdanman» kabi va’dalar soxta ekani ta’kidlandi. Barcha rasmiy ma’lumotlar faqat Markaziy bank, Omonatlarni kafolatlash agentligi va «Yangi Bank» tugatish komissiyasining rasmiy manbalari orqali e’lon qilinadi.

Shuningdek, bank ma’lumotlari xavfsizligi to‘liq tugatish komissiyasi zimmasida ekani, bank sirini oshkor etish uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganligi qayd etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yangi bank» tugatilayotgani haqida yozgandi.