Yangiliklar

Tugatilgan “Yangibank”ning moliyaviy holati e’lon qilindi: bankning 171 mlrd so‘m zarari bor

Joriy yilda zarar 1 mlrd so‘m miqdorida qayd etilgan
Foto: Yandex

Tugatilgan «Yangibank»ning 171 mlrd so‘m zarari borligi ochiqlandi. Bu haqda Markaziy bankning jurnalistlar bilan qilgan mediamuloqotida ma’lum qilindi. Joriy yilda zarar 1 mlrd so‘m miqdorida qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, aktivlarning eng katta qismini kredit portfeli egallaydi. Kreditlar hajmi 190 mlrd so‘mga teng. Yuqori likvidli aktivlar 126 mlrd so‘mni tashkil etdi. Ular tarkibida Markaziy bankdagi mablag‘lar 31 mlrd so‘m, boshqa banklarda joylashtirilgan mablag‘lar 14,5 mlrd so‘m, REPO bitimlari bo‘yicha sotib olingan qimmatli qog‘ozlar esa 80 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Bank aktivlari tarkibida asosiy vositalar ham katta ulushga ega. Ularning umumiy hajmi 254,7 mlrd so‘m. Shundan bank binosi qiymati 155 mlrd so‘m, nomoddiy aktivlar hajmi esa 103 mlrd so‘m etib qayd etildi.

Bankning jami majburiyatlari 394 mlrd so‘mni tashkil etgan. Aholi omonatlari va jismoniy shaxslarning bank kartalaridagi mablag‘lari 279 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. Yuridik shaxslarning talab qilib olinguncha va muddatli depozitlari qoldig‘i 109,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Yangi bank» tugatilayotgani haqida yozgan edi.