Yangiliklar

Urganch vokzalidan aeroportga alohida temir yo‘l liniyasi tortiladi

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilinadi
Urganch vokzalidan aeroportga alohida temir yo‘l liniyasi tortiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Taqdimotda mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur’atlari va xalqaro hamkorlik kengayib borayotgani infratuzilmani zamonaviy talablar asosida rivojlantirishni taqozo etayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan turli hududlarda transport tarmoqlari, xizmat ko‘rsatish obyektlari va ijtimoiy binolarni barpo etish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi.

Xiva shahrida Kongress markazi hamda tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish rejalari taqdim etildi. Ushbu inshootlar yirik xalqaro anjumanlarni o‘tkazish va turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasini tashkil etish orqali madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish doirasida infratuzilmani kengaytirish, yo‘lovchilar va yuklarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda logistika imkoniyatlarini oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Urganch vokzalidan aeroportga alohida temir yo‘l liniyasi tortish, Urganch–Xiva avtomobil yo‘lini obodonlashtirish va unga muqobil yangi yo‘l qurish loyihalari ham muhokama qilindi.

Farg‘ona shahrida ekspomarkaz qurish orqali xalqaro ko‘rgazmalar va biznes forumlar o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratish, bu orqali hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Burxoniddin Marg‘iloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish loyihasi taqdim etilib, unda ma’naviy meros va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida zamonaviy ilmiy maktab shakllantirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Buxoro davlat universitetining yangi zamonaviy kampusini barpo etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Loyiha professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qulay ta’lim hamda ilmiy muhit yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, Toshkent shahrida zamonaviy badiiy gimnastika majmuasi qurish loyihasi taqdim etilib, unda yoshlarning iqtidorini rivojlantirish va professional sportchilarni tayyorlash uchun sharoitlar yaratilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.