Vikipediya ishga tushishi, «Gudzon mo‘jizasi» va Martin Lyuter King — kun tarixi

15-yanvar sanasi internet ensiklopediyasi, aviatsiya tarixidagi qahramonlik va inson huquqlari kurashchilarining tavalludi bilan yodda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1918-yili Misrning ikkinchi prezidenti va arab dunyosining yirik siyosiy arboblaridan biri Jamol Abdul Nosir tavallud topdi. 1952-yilgi Misr inqilobining yetakchisi bo‘lgan Nosir Suvaysh kanalini milliylashtirishi, Asvan to‘g‘onini qurishi hamda Qo‘shilmaslik harakatining asoschilaridan biri sifatida xalqaro maydonda katta obro‘ga ega bo‘lgan.

1929-yilda AQSh fuqarolik huquqlari harakati yetakchisi Martin Lyuter King dunyoga keldi. 1964-yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan baptist ruhoniysi irqiy kamsitishlarga qarshi zo‘ravonliksiz kurash olib borgan va uning Vashingtondagi Linkoln memoriali oldida so‘zlagan «Mening bir orzuim bor» nutqi tenglik ramziga aylangan.

1943-yili Virjiniya shtatining Arlington shahrida AQSh Mudofaa vazirligining bosh qarorgohi — Pentagon binosi foydalanishga topshirildi. Ikkinchi jahon urushi davrida arxitektor Jorj Bergstrom loyihasi asosida atigi 16 oy ichida qurib bitkazilgan ushbu besh burchakli inshoot bugungi kunda ham dunyodagi eng yirik ofis binolaridan biri sanaladi.

1967-yilda Los-Anjelesdagi «Memorial Kolizey» o‘yingohida Amerika futboli bo‘yicha tarixda ilk bor «Super Bowl» final o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda afsonaviy murabbiy Vins Lombardi boshchiligidagi «Green Bay Packers» jamoasi «Kansas City Chiefs» ustidan 35:10 hisobida g‘alaba qozonib, AQSh sportidagi eng nufuzli an’anaga asos soldi.

1981-yili asli kubalik bo‘lgan amerikalik repper, musiqa prodyuseri va tadbirkor Pitbull (Armando Kristian Peres) tavallud topdi. «Mr. Worldwide» taxallusi bilan tanilgan va Gremmi mukofoti sohibi bo‘lgan ijodkor nafaqat xit qo‘shiqlari, balki kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun «SLAM!» maktablarini ochishdagi xayriya faoliyati bilan ham mashhur.

2001-yilda Jimmi Ueyls va Larri Senjer tomonidan «Nupedia» loyihasi negizida erkin onlayn ensiklopediya — Vikipediya (Wikipedia) rasman ishga tushirildi. «Wiki» texnologiyasiga asoslangan va ko‘ngillilar tomonidan to‘ldiriladigan ushbu platforma qisqa vaqt ichida 300 dan ortiq tilda 60 mlndan ziyod maqolani o‘z ichiga olgan global bilimlar bazasiga aylandi.

2009-yili aviatsiya tarixida «Gudzon mo‘jizasi» nomi bilan qolgan voqea sodir bo‘ldi. Nyu-Yorkdan havoga ko‘tarilgan «US Airways» kompaniyasining Airbus A320 samolyoti yovvoyi g‘ozlar galasi bilan to‘qnashib, ikkala dvigateli ishdan chiqadi. Tajribali uchuvchi Chesli Sallenberger laynerni sovuq Gudzon daryosiga muvaffaqiyatli qo‘ndirib, bortdagi barcha 155 kishining hayotini saqlab qolishga erishadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14-yanvar sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.