
Specialty Vehicle Engineering (SVE) kompaniyasi 2026-yil uchun mo‘ljallangan SXR Series Supercharged Cadillac Escalade va Escalade ESV modellarini taqdim etdi. GM Authority’ga ko‘ra, ushbu hashamatli yo‘ltanlamaslar kuch va tezlik borasida mutlaqo yangi darajani namoyish etadi.
Yangi SXR Series ikki xil variantda taklif etiladi: 6,2 litrli V8 dvigatelli 800 ot kuchi va 6,8 litrli V8 dvigatelli 1 000 ot kuchiga ega talqin. Modellar oddiy va uzun kuzovli (ESV), shuningdek, orqa yoki to‘liq uzatmali bo‘lishi mumkin. Dvigatel ichki qismlari to‘liq qayta ishlanib, supercharger va maxsus zanglamas po‘latdan yasalgan chiqarish tizimi o‘rnatilgan.

SVE kuchni yanada silliq uzatish uchun Boost-By-Wire tizimini ishlab chiqqan. Bu texnologiya gaz pedaliga bosilishiga qarab quvvatni bosqichma-bosqich oshiradi va mashinani boshqarishni qulayroq qiladi. Tashqi ko‘rinishda maxsus disklar va kuzov belgilariga, salonida esa SXR Series logotiplari, raqamlangan plaketka va maxsus kalitlarga ega bo‘ladi.

2026-yil uchun jami atigi 50 dona shunday Cadillac Escalade ishlab chiqariladi. Mashinalarni faqat rasmiy Cadillac dilerlari orqali buyurtma qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda chiqishi kutilayotgan premium avtomobillar haqida ma’lumot berilgandi. Mutaxassislar yaqin orada bozorga chiqishi kutilayotgan eng qimmat va premium avtomobillarning TOP-5 ro‘yxatini tuzdi.