
Xitoyda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, eng ko‘p sotilgan avtomobil brendlari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, o‘tgan yilda Xitoy bozorida sotilgan avtomobillarning katta qismi aynan mahalliy brendlarga to‘g‘ri kelgan. Agar 2023-yilda eng mashhur 10 brend ichida atigi 4 tasi Xitoyniki bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ularning soni 6 taga yetdi.
BYD yetakchi, ammo savdo pasaydi

2025-yilda ham BYD Xitoydagi eng ommabop avtomobil brendi bo‘lib qoldi. Yil davomida 3,1 million dona avtomobil sotilgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 11,9 foizga kam. Natijada BYD’ning bozor ulushi 15,3 foizdan 12,99 foizga tushdi. Kompaniya rahbariyati buni bozordagi raqobatning keskin kuchaygani bilan izohladi.
Volkswagen va Toyota ikkinchi hamda uchinchi o‘rinda
Ikkinchi o‘rinni Volkswagen (1,88 mln dona), uchinchi o‘rinni esa Toyota (1,58 mln dona) egalladi. Volkswagen Xitoy bozoridagi ulushini biroz yo‘qotgan bo‘lsa, Toyota aksincha, savdoni biroz oshirishga erishdi.
Geely va Geely Galaxy muvaffaqiyati

To‘rtinchi o‘rinda Geely (1,07 mln dona) joy oldi. Beshinchi pog‘onani esa Geely konserniga qarashli Geely Galaxy egalladi – 1 milliondan ortiq avtomobil sotilgan. Gibrid va elektromobillarga ixtisoslashgan ushbu brend yil davomida rekord darajada – 284 foizdan ortiq o‘sishni qayd etdi.
Umuman olganda, Geely guruhi (Geely, Geely Galaxy, Lynk & Co va Zeekr) 2025-yilda Xitoyda 2,69 milliondan ortiq avtomobil sotib, hatto Volkswagen Group’ni ham ortda qoldirdi.
TOP – 10 ro‘yxati
2025-yilda Xitoyda eng ko‘p sotilgan 10 ta brend quyidagilar bo‘ldi:
- BYD;
- Volkswagen;
- Toyota;
- Geely;
- Geely Galaxy;
- Wuling;
- Changan;
- Honda;
- Tesla;
- Chery.
Yilning eng tez o‘sayotgan brendlari
2025-yilda eng katta o‘sishni Geely Galaxy, Xiaomi Auto, Xpeng, Leapmotor va Huawei yetakchiligidagi HIMA alyansi namoyish etdi. Xiaomi Auto savdolari qariyb 196 foizga oshib, 411 ming dona avtomobil sotildi. Leapmotor esa 83 foizlik o‘sish bilan yilni foyda bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.
Omadsiz yil: Li Auto

Yilning eng katta muvaffaqiyatsizlaridan biri Li Auto bo‘ldi. Kompaniya savdosi qariyb 19 foizga kamayib, 406 ming donani tashkil etdi. Natijada Li Auto 2022-yildan beri ilk bor yilni zarar bilan yopdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Geely kompaniyasi avtomobillarining narxini keskin tushirgani haqida yozgandi.