
Sovet avtosanoati tarixida dizel dvigatel bilan jihozlangan «Volga» avtomobillari juda kam uchraydi. Yaqinda shunday noyob modellardan biri Peugeot dizel dvigatelli GAZ-24 sotuvga qo‘yildi, deb xabar berdi «Tarantas news».
Unga ko‘ra, sotuvga qo‘yilgan nusxa juda yaxshi holatda saqlanib qolgan. Avtomobil 1990-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, hozirgi egasi uni 1993-yilda sotib olgan. Shimoliy hududlarda foydalanilgani va doimiy garajda saqlangani uning holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ushbu GAZ-24 nafaqat dizel dvigatelga, balki tom qismidagi lyuk bilan ham ajralib turadi. Avtomobilning yurish masofasi 78,4 ming kilometrni tashkil etadi. Noyob «Volga» uchun sotuvchi 990 ming rubl (152,2 mln so‘m) narx belgilagan. Bu yangi Chevrolet Cobalt MCM narxi bilan deyarli bir xil.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 1976-yildan boshlab Peugeot dizel dvigatellari ayrim «Volga»larga sovet zavodining o‘zida ham o‘rnatilgan. Shunga qaramay, bunday avtomobillar SSSR ichki bozorida sotuvga chiqarilmagan, faqat eksport uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1977-yilgi «Jiguli» deyarli yangi holatda sotuvga qo‘yilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilning umumiy yurishi atigi 7,3 ming kmni tashkil etadi. Sotuvchi salonida hanuzgacha yangi mashina hidi saqlanib qolganini ta’kidlagan.