Yangiliklar

Amerika investitsiya fondi 225 mlrd dollar qarzni undirish uchun Rossiyani sudga berdi

Ushbu qarz 1916-yilda Rossiya imperiyasi tomonidan olingan
Foto: business-gazeta.ru

Amerikaning Noble Capital investitsiya fondi AQSh federal sudida Rossiya hukumati hamda Moliya vazirligi, Markaziy bank va Milliy farovonlik jamg‘armasiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Murojaatda 1916-yildan beri Rossiya imperiyasi obligatsiyalari bo‘yicha $225,8 milliardlik majburiyatlarni undirish talab qilingan. Da’vo arizasi Kolumbiya okrugi sudiga topshirildi. Jamg‘arma qarzni 2014 va 2022-yillardagi voqealardan keyin muzlatilgan Rossiya suveren aktivlaridan foydalanib to‘lashni taklif qilmoqda.

Noble Capital o‘zini Nyu-Yorkning National City Banki orqali chiqarilgan 5,5 foiz kuponli $25 millionlik Rossiya Imperial obligatsiyalarining qonuniy egasi deb hisoblaydi. Rossiya imperiyasi 1918-yilda tashqi qarzidan voz kechganiga qaramay, uning xususiy xorijiy investorlar oldidagi majburiyatlari bekor qilinmadi va Sovet Ittifoqining huquqiy vorisi sifatida Rossiya bu majburiyatlarni meros qilib oldi. Nashrning ta’kidlashicha, sud jarayoni AQSh va Yevropa Ittifoqida rekord darajada muzlatilgan Rossiya aktivlari va ulardan qanday foydalanish bo‘yicha faol muhokamalar fonida boshlangan.

Mutaxassislarning fikricha, suveren immunitet prinsipi va qarzning da’vo muddati tufayli fondning ushbu summani undirish imkoniyati past. Bundan tashqari, bunday sud jarayoni huquqiy pretsedent yaratish va muzlatilgan aktivlar masalasini siyosiy sohadan xususiy huquq sohasiga o‘tkazishga urinish sifatida qaralishi mumkin.

Rossiya Markaziy bankining 260 milliard yevroga teng aktivlari 2022-yilda urush boshlanganidan keyin G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan edi. Mablag‘larning katta qismi, taxminan, $193 milliard, Belgiyaning Euroclear depozitariysida saqlanadi. 2025-yilning dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Rossiya urushni tugatmaguncha va Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplamaguncha uning aktivlarini noma’lum muddatga muzlatib qo‘yishni ma’qulladi. Ushbu aktivlardan, jumladan, Ukrainaga yordam sifatida foydalanish Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri muhokama qilinib kelinmoqda. Biroq Yevropa Ittifoqi hukumatlari hali bu masala bo‘yicha kelishuvga erisha olishmagan.

Avvalroq «Kursiv» 2026-yil 1-fevraldan boshlab Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti narxining eng yuqori chegarasini yana pasaytirgani haqida yozgandi.