Avto

Chevrolet Malibu avtomobilidagi airbagda avariyaga olib keladigan xavf aniqlandi

Xitoydan noqonuniy olib kirilgan airbaglar tufayli jiddiy xavf mavjudligi haqida shoshilinch ogohlantirish e’lon qilingan
Foto: GMAutority

AQShda Chevrolet Malibu avtomobillariga o‘rnatilgan noqonuniy airbaglar sabab bir necha halokatli avariyalar qayd etildi. Federal regulyatorlar xabariga ko‘ra, National Highway Traffic Safety Administration (NHTSA) Xitoydan noqonuniy olib kirilgan airbaglar tufayli jiddiy xavf mavjudligi haqida shoshilinch ogohlantirish e’lon qildi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oy ikki nafar haydovchi alohida yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lgan. Har ikkala holatda ham avariya omon qolish mumkin bo‘lgan darajada bo‘lgan, biroq airbag shishishi vaqtida portlab, metall bo‘laklar salon ichiga sochilgan.

Foto: GMAutority

NHTSA ma’lumotiga ko‘ra, ushbu airbag inflatorlari Xitoyning Jilin Detiannuo Automobile Safety System kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Tekshiruv davomida shu turdagi ehtiyot qismlar ishtirokida kamida 10 ta avariya aniqlangan. Ularda sakkiz nafar haydovchi halok bo‘lgan, yana ikki kishi og‘ir tan jarohati olgan.

Ma’lum qilinishicha, halokatlar asosan ishlatilgan Chevy Malibu va Hyundai Sonata avtomobillarida qayd etilgan. Biroq NHTSA xavf faqat shu modellargagina taalluqli ekanini tasdiqlay olmasligini bildirgan.

Foto: GMAutority

Tergovchilar portlash vaqtida airbag ichidagi metall qismlar haydovchilarning ko‘kragi, bo‘yni va yuz qismiga jiddiy jarohat yetkazganini ma’lum qildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, AQSh hududida 10 mingga yaqin shunday nosoz inflator muomalada bo‘lishi mumkin.

NHTSA avtomobil ta’mirlash ustaxonalari va haydovchilarni hushyor bo‘lishga, shubhali ehtiyot qismlar haqida zudlik bilan xabar berishga chaqirdi. Agentlik ushbu xavfli airbaglarni muomaladan chiqarish bo‘yicha sanoat vakillari bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas haqida qiziqarli 5 ta ma’lumotni yozgan edi.