
«UzAuto Motors» AJ Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarini chegirmali narxlarda taklif qildi. Bu haqda kompaniya o‘zining rasmiy sahifasida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ushbu aksiya doirasida Chevrolet Tracker va Onix MY2025 rusumli avtomobillarini 100% to‘lov asosida xarid qilgan mijozlarga amaldagi chegirmalarga qo‘shimcha ravishda maxsus chegirmalar beriladi.
Xususan, Chevrolet Tracker MY2025 avtomobilining barcha komplektatsiyalari uchun 100% to‘lov sharti bilan 12 mln so‘m qo‘shimcha chegirma taqdim etiladi. Bunda komplektatsiyasiga qarab avvaldan amal qilayotgan 22 mln so‘mgacha bo‘lgan chegirmalar ham saqlanib qoladi.
Chevrolet Onix MY2025 modeli bo‘yicha esa 100% to‘lov sharti bilan quyidagi chegirmalar belgilangan: Onix Premier 2 Turbo AT PLUS uchun 1,2 mln so‘m, Onix Turbo AT REDLINE uchun esa 7,5 mln so‘m chegirma beriladi. Bunda komplektatsiyasiga qarab avvaldan amal qilayotgan 15 mln so‘mgacha bo‘lgan chegirmalar ham saqlanib qoladi.
Shuningdek, Chevrolet Tracker MY2025 avtomobilini bank orqali bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilmoqchi bo‘lganlar uchun LTZ PLUS, Premier PLUS va REDLINE komplektatsiyalariga 4 mln so‘mdan chegirma taqdim etiladi. Bu holatda avvaldan mavjud chegirmalar qo‘llanilmaydi.
Kompaniyaga ko‘ra, aksiya cheklangan miqdordagi avtomobillar uchun amal qiladi. Chevrolet Onix uchun hozirgi chegirmadagi narx 161,9 mln so‘mdan, Chevrolet Tracker uchun esa 215,9 mln so‘mdan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilgi Chevrolet Tracker narxi AQSh bozorida oshirilgandi. Narx oshishiga asosiy sabab yetkazib berish xarajatlarining $400 ga ko‘tarilib, $1,7 mingga yetgani bo‘ldi. Modelning bazaviy narxi ham $100 ga oshdi.