Eng ko‘p kitob o‘qigan xodimlarga pul mukofoti beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, barcha vazirlik va idoralarda 2026-yil 1-martga qadar tegishli soha bo‘yicha tavsiya etiladigan kasbiy adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Shu bilan birga, har yili kamida uchta kasbiy adabiyot mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilinadi va malakali mutaxassislar ishtirokida izohlar, lug‘at va misollar bilan boyitiladi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-aprelga qadar tashkilotlarda «Kitob burchagi» tashkil etiladi va xodimlar uchun har oy «Kitob o‘qish soati» yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ichki kitobxonlik reyting tizimi joriy qilinadi va tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Bundan tashqari, eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 o‘quvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti ajratiladi. Ushbu tadbirlar kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va xodimlar hamda yoshlarning bilimini oshirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iste’dodli mualliflarga yil davomida BHMning 50 baravaridagi oylik to‘lanishi haqida xabar bergan edik.