Rizo Pahlaviy o‘tish davri hukumatiga rahbarlik qilishga tayyorligini bildirdi

Eron so‘nggi qirolining o‘g‘li Rizo Pahlaviy mamlakatdagi davomli noroziliklar fonida o‘zini o‘tish davri rahbari sifatida taklif qilmoqda. Bu haqda Deutsche Welle xabar bermoqda.
Deyarli yarim asrdan beri AQShda surgunda yashayotgan Pahlaviy Eron xalqini o‘z kelajagini erkin va adolatli saylovlar orqali mustaqil belgilashga chaqirmoqda. U amaldagi rejim ag‘darilgan taqdirda mamlakatni boshqarish uchun maxsus guruh tuzishni va birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilan vatanga qaytishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Shahzoda kelajakdagi Eronni din davlatdan ajratilgan dunyoviy va demokratik davlat sifatida ko‘rishini ta’kidlagan. 2025-yil iyun oyida Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush paytida Pahlaviy muvaqqat hukumat rahbari bo‘lish taklifini ilgari surgandi.
«Men siyosiy hokimiyatga intilmayman, balki xalqimizga ushbu og‘ir palladan o‘tib, barqarorlik va ozodlikka erishishda yordam bermoqchiman», — dedi u Parijdagi matbuot anjumanida.
U, shuningdek, Eron konstitutsiyaviy monarxiyaga aylanishi ehtimolini ham istisno etmagan. Biroq uning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan 2023-yildagi uchrashuvi va tashqi aloqalari ko‘pchilik eronliklarda, xususan, Isroilni agressiv deb hisoblovchi qatlamda shubha uyg‘otmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, hozirgi namoyishlar Eron rejimini tezda ag‘darish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. London universiteti qoshidagi Eron tadqiqotlari markazi hamraisi Arshin Adib-Mog‘addamning so‘zlariga ko‘ra, Eron davlat tizimi va xavfsizlik organlari inqirozlarga nisbatan ancha barqaror hamda namoyishlarning o‘zi tizimni o‘zgartirishga ojizlik qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh yaqin soatlarda Eronga zarba berishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.