Avto

Geely Galaxy Cruiser modeli 2026-yil oxirigacha sotuvga chiqariladi

Hozircha Galaxy Cruiser’ning aniq narxi e’lon qilinmagan
Geely Galaxy Cruiser modeli 2026-yil oxirigacha sotuvga chiqariladi
Foto: Autocar

Geely kompaniyasi Galaxy Cruiser nomli yangi krossoverining seriyali versiyasi bozorga chiqishini rasman tasdiqladi. Bu haqda «Kitayskiy avtomobil» nashri xabar berdi.

2025-yili Shanxay avtosalonida konsept-kar sifatida namoyish etilgan model 2026-yil oxirigacha sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Foto: Autocar

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Galaxy Cruiser global model bo‘ladi. Avtomobil dastlab Xitoy bozorida taqdim etiladi, keyinchalik esa boshqa mamlakatlarga, jumladan Buyuk Britaniyaga ham eksport qilinadi. Geely ushbu krossoverni Land Rover Defender va Mercedes-Benz G-Class’ga muqobil sifatida ko‘rmoqda.

Foto: Autocar

Shuningdek, yangi model SEA-R modulli platformasi asosida ishlab chiqiladi. Ushbu platforma yo‘ldan tashqarida harakatlanish uchun moslashtirilgan bo‘lib, sinov jarayonlarida yuqori natijalarni ko‘rsatgan. Galaxy Cruiser to‘liq uzatmali parallel gibrid tizim bilan jihozlanadi. Avtomobil 279 ot kuchiga ega 2 litrli benzin dvigateli hamda 70 kVt·soat sig‘imdagi batareyaga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Autocar

Bundan tashqari, krossover sun’iy intellekt asosidagi haydovchiga yordam beruvchi tizimlar, faol mustaqil osma va 800 millimetrgacha chuqurlikdagi suv to‘siqlaridan o‘tish imkoniyati bilan ta’minlanadi.

Hozircha Galaxy Cruiser’ning aniq narxi e’lon qilinmagan. Biroq u texnik jihatdan Zeekr 9X’ga yaqin bo‘lishi sababli, narxi 470 – 600 ming yuan ($65 – $85 ming) oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Geely o‘zining Zeekr va Lynk & Co brendlarini AQShda ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.