“Gelik”ka o‘xshash Beijing 81 2.0 avtomobili taqdim etildi

16-yanvar 2026 14:52 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Autohome

Xitoyda Beijing Off-Road brendi ostida Beijing 81 2.0 avtomobili namoyish qilindi. Model taktik box deb nomlanmoqda. Bunga uning burchakli va qo‘pol dizayni sabab bo‘lgan. Avtomobil «Gelik»ka juda o‘xshaydi.

Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil ikki talqinda chiqadi. Bular Regular Edition va Professional Edition. Ommaviy namoyish 2026-yil aprel oyida Pekin avtosalonida bo‘lib o‘tadi. O‘sha paytdan boshlab dastlabki buyurtmalar ham qabul qilinadi. To‘liq savdoga chiqish sanasi 2026-yil 1-avgust etib belgilangan.

Foto: Autohome

Oldingi versiyaga nisbatan kapot kamroq bo‘rtib chiqqan. Radiator panjarasi beshta vertikal teshikdan iborat bo‘lib, ularning har biri qizil LED yoritgich bilan jihozlangan.

Ichki qismida beshta egri LED va burilish ko‘rsatkichlarining besh segmenti joylashgan. Orqa qismida tom chizig‘iga integratsiya qilingan beshta yuqori stop-signal mavjud. Orqa eshik ikki tabaqali. Chiroqlar esa to‘rtta kvadrat element ko‘rinishida bajarilgan.

Ma’lumot uchun, Beijing brendi Xitoyning yirik avtomobil konserni BAIC Group tarkibiga kiradi. Brend tarixan yo‘ltanlamas va harbiy texnikaga yaqin modellari bilan tanilgan. Beijing nomi ostidagi avtomobillar ko‘p yillar davomida davlat tuzilmalari va maxsus xizmatlar ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan.

Foto: Autohome

Beijing Off-Road yo‘nalishi asosan mustahkam ramali konstruksiya va yuqori o‘tish qobiliyatiga ega mashinalarga ixtisoslashgan. Ushbu brend texnikasi Xitoy armiyasi va hukumat tuzilmalari tomonidan ham qo‘llanilgan. Shu sababli dizaynda soddalik va funksionallik ustuvor hisoblanadi.

Salon va dvigatellar haqidagi ma’lumotlar hozircha oshkor qilinmadi. Ishlab chiqaruvchi tafsilotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirdi.

Kursiv Uzbekistan «Gelik» 2025-yilda tarixidagi eng yuqori savdo ko‘rsatkichini qayd etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek