Har bir o‘qilgan kitob uchun mahkumlarning jazo muddati 3 kunga qisqartiriladi

eʼlon qilindi
Bir yil davomida ko‘pi bilan 30 kungacha qisqartirish mumkin bo‘ladi
Har bir o‘qilgan kitob uchun mahkumlarning jazo muddati 3 kunga qisqartiriladi / Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda mahkumlarning jazoni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, Jinoyat-ijroiya kodeksining 73-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan shaxslar (umrbod ozodlikdan mahrum etilganlar bundan mustasno) jazoni o‘tash davrida belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qiganligi tasdiqlansa, jazoni o‘tash muddati qisqartirilishi mumkin.

Muddati har bir o‘qilgan kitob uchun 3 kunga, biroq bir yil davomida ko‘pi bilan 30 kungacha qisqartirilishi belgilandi. Kitob o‘qiganlik fakti mahkumning jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga bergan arizasiga asosan, muassasa xodimlari, jamoatchilik vakillari va boshqa mutasaddilardan iborat komissiya tomonidan aniqlanadi.

Komissiya yig‘ilishi yiliga kamida ikki marta o‘tkaziladi hamda imtihon natijalari asosida mahkumning kitob o‘qiganligi tasdiqlanishi yoki rad etilishi haqida xulosa chiqariladi. Ushbu xulosaning nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumga imzo qo‘ydirib topshiriladi hamda uning himoyachisiga so‘rovi asosida beriladi.

Mahkumning kitob o‘qiganligi tasdiqlanganda, muassasa ma’muriyati sudga jazoni o‘tash muddatini qisqartirish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi. Jazoni o‘tash muddatini qisqartirish masalasi sud tomonidan hal etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng ko‘p kitob o‘qigan xodimlarga pul mukofoti berilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek