
Havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan energetika tizimi kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkaziladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
16-yanvardan boshlab yurtimizda havo harorati keskin pasayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan yoqilg‘i-energetika tizimi sovuq ob-havo sharoitida barqaror ishlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Elektr, issiqlik va gaz tarmoqlarida qo‘shimcha texnik ko‘riklar o‘tkazilib, ishlab chiqarish va yetkazib berish quvvatlari mavjud sharoitga moslashtirildi.
Mas’ul xizmatlar 24/7 rejimida ish olib bormoqda. Sovuq kunlarda energiyaga bo‘lgan talab ortadi. Ayrim hududlarda vaqtinchalik texnik cheklovlar bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda aholi va ijtimoiy obyektlarni barqaror ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘ladi.
Iste’molchilarga elektr va gazdan oqilona foydalanish, isitish uskunalarini tejamkor ishlatish, uy-joylarda issiqlikni saqlash, xonalarni shamollatib turish tavsiya etiladi. Dudburon va ventilyatsiya tizimlarini muntazam tekshirish zarur. Is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida yopiq xonalarda ochiq olov yoki nosoz qurilmalardan foydalanmaslik, is gazi aniqlagichlardan foydalanish tavsiya qilinadi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha murojaatlar uchun 1154 (elektr) va 1104 / 104 (gaz) qisqa raqamlari orqali aholi murojaatlari qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonliklar elektr energiyani tejash uchun nimalar qilishi mumkinligi haqida yozgan edik.