IIV Taftish.uz ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi

eʼlon qilindi
Foto: Taftish.uz

Avvalroq Taftish.uz internet nashrining 5 nafar xodimi protsessual tartibda ushlangandi. Ichki ishlar vazirligi ushbu ommaviy axborot vositasining vakillari nega qo‘lga olingani bo‘yicha izoh berdi.

Vazirlikning yozishicha, nashrning norasmiy rahbari G‘ayrat Aberayev va muxbirlar murojaatchilarni aldash bilan bir qatorda, fuqarolarni obroʻsizlantiruvchi yoki boshqa usulda sharmanda qiluvchi videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, yoki shunday videolarni internet orqali eʼlon qilinganidan keyin, oʻchirib berish evaziga fuqarolardan pul talab qilish bilan shugʻullanib kelgan. Jumladan, 2025-yilning noyabr oyida Azizjon Yuldashev va Dilshod Nishonov, Aberayevning topshirigʻiga ko‘ra, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» rahbariyati bilan mazkur hududdan doʻkon sotib olgan fuqaro oʻrtasidagi kelishmovchilik haqida bozor maʼmuriyatini obroʻsizlantiruvchi videolavha tayyorlab, 5-dekabr kuni Taftish.uz YouTube kanaliga joylashtirgan. Ammo tadbirkor va bozor maʼmuriyati oʻrtasidagi ziddiyat allaqachon sud organlari tomonidan koʻrib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilingan boʻlgan.

Shundan soʻng Aberayev Sardor Hamidov orqali bozor maʼmuriyati bilan bogʻlanib, videoni oʻchirib berishi uchun 40 mln soʻm talab qilgan. Evaziga videodagi holat, oʻz tasdigʻini topmagani toʻgʻrisida Telegram kanalda xabar joylashtirishga vaʼda bergan. IIVga ko‘ra, tamagirlik holatini niqoblash uchun, bozor maʼmuriyati Taftish.uz bilan 40 mln soʻmga shartnoma tuzishga majbur bo‘lgan.

Shuningdek, Marjona Eshquvvatova, Yuldashev va Nishonovlar 2025-yilning noyabr oyi boshlarida Samarqand viloyatida faoliyat koʻrsatuvchi qurilish firmasi «Black plast» MChJ faoliyati toʻgʻrisida, ikkinchi tomonning mablagʻi evaziga, uydirma tafsilotlardan iborat videolavha tayyorlab «Taftish uz» YouTube kanaliga joylagani ta’kidlangan. Undan tashqari, firma faoliyati toʻgʻrisida yana ikkita videoni tarqatish bilan tahdid qilib, kompaniya mudiri Toʻrayevni Taftish.uz ofisiga chaqirtirib, boshqa videolarni chiqarmaslik evaziga, avvaldan ikki tadbirkor oʻrtasida 20 mlrd soʻmlik shartnomani ustidan, goʻyoki qarzi qolganday koʻrsatib, 1 oy muddatda qoʻshimcha 20 mlrd soʻm berish majburiyati haqida tilxat yozdirib olgani urg‘ulangan.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Shu bilan birga, vazirlik ishchanlik obroʻsiga qaygʻurayotgan tadbirkorning katta miqdordagi pul berishga osonlikcha koʻnganidan xursand boʻlgan guruh aʼzolari, nashr xodimlari foydasiga alohida 60 mln soʻm talab qilib, jinoiy yoʻl bilan olinayotgan pullarni niqoblash maqsadida Taftish.uz bilan 60 mln soʻmlik shartnoma tuzishga majbur qilganini yozgan. Tadbirkor belgilangan muddatda pulni berolmaganidan keyin Eshquvatovaning tahdidlari ortidan Yuldashev va Nishonovlar tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi videolarni o‘z kanallarida tarqatgan. Shu voqeadan keyin chorasiz qolgani aytilgan tadbirkor ushbu videolarni oʻchirtirish evaziga joriy yilning 8-yanvar kuni guruh aʼzolaridan birining bank kartasiga dastlabki 30 mln soʻmni, 12-yanvar kuni esa yana 30 million soʻmni oʻtkazib bergan.

Qolaversa, Dilshod Nishonov 2025-yil 9-oktabr kuni Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi Yusupov va Tumorovlar oilasi oʻrtasida sodir boʻlgan janjaldan xabar topib, tergov organlari tomonidan jinoyat ishi yurituvidagi materialga aralashib, bir tomonning mablagʻi evaziga ikkinchi tomon boʻlgan Tumorovlar oilasining shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlovchi, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlar toʻplab, jami 18 ta videorolik tayyorlab, 10 kun davomida ketma-ket oʻzining kanalida tarqatgan. Aynan ushbu harakati uchun Pop tuman sudi tomonidan 10-noyabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46¹-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Hozirda Taftish.uz aʼzolari Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat, 168-moddasi (firibgarlik), 165-moddasi (tovlamachilik), 244⁶-moddasida (yolgʻon axborot tarqatish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani aniqlanib, ularning barchasi protsessual tartibda ushlangan.

Avvalroq «Kursiv» Taftish.uz internet nashrining 5 nafar xodimi protsessual tartibda qo‘lga olingani haqida yozgandi.

Shuningdek