Gadjetlar

iQOO Z11 Turbo smartfoni taqdim etildi

Asosiy versiya 12/256 GB xotira bilan 2400 yuan yoki $345 ga baholandi
Foto: iQOO

iQOO Xitoyda iQOO Z11 Turbo smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda kompaniya ma’lum qildi.

Asosiy versiya 12/256 GB xotira bilan 2400 yuan yoki $345 ga baholandi. Milliy subsidiyalar bilan esa smartfonni 2040 yuan, ya’ni taxminan $290 ga xarid qilish mumkin.

Qurilma to‘rt xil rangda taqdim etildi. Midnight Black talqinida orqa panel shisha tolali materialdan tayyorlangan. Qolgan ranglarda esa to‘liq shisha qoplama ishlatilgan. Yon ramkasi alyuminiydan yasalgan. Korpus qalinligi 7,9 mm, vazni esa 202 grammni tashkil etadi. Smartfon IP68 va IP69 darajadagi himoyaga ega.

Foto: iQOO

iQOO Z11 Turbo 6,59 dyuymli tekis OLED displey bilan jihozlangan. Ekran 2750×1260 piksellar aniqligiga va 144 Hz yangilanish chastotasiga ega. Eng yuqori yorqinlik darajasi 5000 nitga yetadi. PWM chastotasi 4320 Hz bo‘lgani sababli ekran deyarli miltillamaydi va ko‘z uchun qulay hisoblanadi.

Smartfon Qualcomm ishlab chiqqan Snapdragon 8 Gen 5 protsessori asosida ishlaydi. Unda qo‘shimcha ravishda Q2 nomli maxsus geyming chipi ham mavjud. Qurilmaning AnTuTu’dagi natijasi 3,59 mln balldan oshgani qayd etildi.

Foto: iQOO

Batareya sig‘imi 7600 mA/soatni tashkil etadi. U ikkinchi avlod yarim qattiq holatli akkumulyator hisoblanadi. Batareya -20 dan +40 daraja haroratda barqaror ishlashi aytilmoqda. Smartfon 100 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘yin vaqtida akkumulyatorni chetlab o‘tuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri quvvatlash rejimi ham mavjud.

Kamera qismida iQOO Z11 Turbo seriya uchun ilk bor 200 Mp asosiy sensor bilan ta’minlandi. U 4 baravar sifat yo‘qotmasdan zum qilish imkonini beradi. Old kamera esa 32 Mp aniqlikka ega.

Smartfon OriginOS 6 interfeysi bilan Android 16 operatsion tizimida ishlaydi. Hozircha iQOO Z11 Turbo faqat Xitoy bozori uchun taqdim etilgan. Global savdo masalasi ochiq qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan iQOO Z11 Turbo smartfoni qanday imkoniyatlar bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.