Yangiliklar

Iste’dodli mualliflarga yil davomida BHMning 50 baravaridagi oylik to‘lanadi

Yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish qo‘llab-quvvatlanadi
Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi belgilandi
Iste’dodli mualliflarga yil davomida BHMning 50 baravaridagi oylik to‘lanadi / Foto: Greenville

Aholining kitobxonlik darajasini oshirish va yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori asosida 2026 – 2030-yillarda har bir kishining yiliga o‘qiydigan kitoblar soni o‘rtacha 10 taga yetkazish maqsadi belgilandi.

Qarorga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi yo‘nalishlarda sarflanishi belgilandi:

  • tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va ularning asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yo‘nalishidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun 1 yil davomida BHMning 50 baravarida har oy haq to‘lash;
  • eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni esa xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizini, mualliflik huquqi xarajatlarining 80 foizini qoplash;
  • vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mahkumlarga kitob o‘qish evaziga jazoni qisqartirish imkoni berilishi haqida xabar qilgan edik.