Xitoy va Kanada savdo tariflarini pasaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Xitoy rahbari Si Szinpin va Kanada bosh vaziri Mark Karni Pekinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng o‘zaro savdo tariflarini pasaytirish haqida e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Yangi kelishuvga ko‘ra, Xitoy 1-martga qadar Kanada raps yog‘iga qo‘yilgan bojlarni 85 foizdan 15 foizga tushiradi. O‘z navbatida, Ottava Xitoy elektromobillariga 6,1 foizli stavka bo‘yicha soliq solishga rozi bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, 2024-yilda Kanada AQSh bilan birga Xitoy elektromobillariga 100 foizlik boj joriy etgan edi.

Mark Karni deyarli o‘n yil ichida Xitoyga tashrif buyurgan birinchi Kanada rahbari bo‘ldi. Si Szinpin munosabatlardagi ushbu o‘zgarishni olqishladi. AQSh Kanadaning eng yirik savdo hamkori bo‘lib, 2024-yilda o‘zaro savdo aylanmasi $761 mlrdni tashkil etgan. Xitoy esa $85 mlrd bilan ikkinchi o‘rinda turadi.
Tomonlar, shuningdek, energetika va savdo sohasida hamkorlik bo‘yicha qator bitimlarni imzoladilar. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2018-yilda Huawei moliyaviy direktori Men Vanchjouning Kanadada hibsga olinishi va bunga javoban Xitoyda kanadalik Maykl Kovrig hamda Maykl Speyvorning ushlanishi ortidan keskin yomonlashgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp Kanadaga 35 foizlik boj solishini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.