Yangiliklar

Kun tarixi: Eronda monarxiyaning tugashi, «Don Kixot»ning ilk nashri va «R&B malikasi»

16-yanvarda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: ACT

16-yanvar sanasi jahon adabiyoti, kosmonavtika va siyosiy maydondagi o‘zgarishlar bilan tarixga muhrlangan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: Offaly Express

1605-yili Madridda Migel de Servantesning jahon adabiyoti durdonasi hisoblangan «Don Kixot» romanining birinchi qismi ilk bor nashr etildi. «Lamanchelik uddaburon ritsar Don Kixot» deb nomlangan ushbu asar o‘z davrining ritsarlik romanlariga parodiya sifatida yozilgan bo‘lsa-da, keyinchalik insoniyat madaniyatining eng muhim kitoblaridan biriga aylandi. Roman qisqa vaqt ichida butun Yevropada mashhurlik qozonib, ko‘plab tillarga tarjima qilingan.

Foto: Cubanet

1901-yilda Kuba tarixida o‘chmas iz qoldirgan harbiy arbob va diktator Fulxensio Batista dunyoga keldi. U mamlakatni uzoq yillar davomida boshqargan bo‘lsa-da, 1959-yilgi inqilob natijasida Fidel Kastro boshchiligidagi kuchlar tomonidan hokimiyatdan ag‘darilgan edi. Batista hukmronligi davri AQSh bilan yaqin aloqalar, iqtisodiy o‘sish bilan birga, korrupsiya va siyosiy beqarorlik bilan yodda qolgan.

Foto: CNN

1909-yili Ernest Sheklton boshchiligidagi «Nimrod» ekspeditsiyasi a’zolari Janubiy magnit qutbini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Garchi ular geografik Janubiy qutbga yetib bora olmagan bo‘lsalar-da, bu ilmiy kashfiyot Antarktidani o‘rganish tarixida ulkan qadam hisoblanadi. Ekspeditsiya qiyin ob-havo sharoitida amalga oshirilgan bo‘lib, qutb tadqiqotchilarining matonati namunasi sifatida tarixga kirdi.

Foto: Sky Society

1959-yilda britaniyalik mashhur xonanda va «Sade» guruhining solisti Sade Adu (Helen Folasade Adu) tavallud topdi. U o‘zining betakror ovozi hamda jazz, soul va R&B yo‘nalishlarini uyg‘unlashtirgan uslubi bilan musiqa olamida alohida o‘rin egallaydi. Xonanda faoliyati davomida to‘rt marta «Gremmi» mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lib, uning uning «Smooth Operator», «Like a Tattoo», «Is It a Crime» taronalarini muxlislar orasida ancha mashhur.

Foto: The Guardian

1979-yili Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy mamlakatda kuchayib borayotgan inqilobiy namoyishlar fonida vatanni tark etdi. Shohning ketishi Eronda 2,5 yillik monarxiya tuzumining qulashiga va Oyatulloh Humayniy boshchiligidagi islom respublikasi tuzilishiga yo‘l ochib berdi. Bu voqea Yaqin Sharq siyosiy xaritasini butunlay o‘zgartirib yuborgan edi.

Foto: Vogue

Shu yili, ya’ni 1979-yilda amerikalik R&B xonandasi va aktrisa Aaliya (Aaliyah) dunyoga keldi. 2000-yillarning boshida «R&B malikasi» sifatida e’tirof etilgan, xonanda yosh bo‘lishiga qaramay, musiqa va kino sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Afsuski, uning hayoti 22 yoshida, Bagama orollaridagi aviahalokat tufayli erta yakun topdi.

Foto: The Week

2017-yilda amerikalik astronavt, Oy yuzasida yurgan «so‘nggi inson» sifatida tarixga kirgan Yujin Sernan vafot etdi. U «Apollon-17» missiyasi komandiri sifatida 1972-yilning dekabrida Oyga qadam qo‘ygan va u yerni tark etayotib, insoniyatning kosmosdagi izlanishlari tinchlik va taraqqiyot yo‘lida davom etishiga umid bildirgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 15-yanvar sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.