Machado Trampga Nobel tinchlik mukofoti medalini topshirdi

eʼlon qilindi
Venesuela xalqining erkinligi yo‘lidagi harakatlariga e’tirof sifatida
Machado Trampga Nobel tinchlik mukofoti medalini topshirdi / Foto: Reuters

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Uchrashuv chog‘ida Machado Trampga Nobel tinchlik mukofoti medalini topshirdi. Oq uy vakili prezident medalni saqlab qolishini tasdiqladi. Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida sovg‘ani o‘zaro hurmat belgisi sifatida baholab, Machadoga minnatdorlik bildirdi.

Foto: Reuters

Machado sovg‘ani Venesuela xalqining erkinligi yo‘lidagi Trampning sa’y-harakatlariga e’tirof sifatida taqdim etganini aytdi. Bu uchrashuv Tramp va Machadoning ilk yuzma-yuz muloqoti bo‘ldi. Machado keyinroq Kapitoliyda bir qator senatorlar bilan ham uchrashdi.

OAVlarga ko‘ra, Machado Venesuelada hokimiyatni demokratik yo‘l bilan o‘zgartirish tarafdori sifatida xalqaro hamjamiyat, jumladan, AQSh rahbariyati bilan muloqotni kuchaytirishga intilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya Nobel instituti mukofot boshqa shaxsga o‘tkazilmasligi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek