Banklar va moliya

OTB Qashqadaryoda quriladigan quyosh elektr stansiyasiga 30 million dollar ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va «Masdar» kompaniyasi
OTB Qashqadaryoda quriladigan quyosh elektr stansiyasiga 30 million dollar ajratdi
OTB Qashqadaryoda quriladigan quyosh elektr stansiyasiga 30 million dollar ajratdi / Foto: Smart-market

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va «Masdar» kompaniyasi Qashqadaryo viloyati Guzar shahrida yirik quyosh energetikasi loyihasini amalga oshirish uchun $30 mln miqdorida moliyalashtirish shartnomasini imzoladi.

Loyiha doirasida 300 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi hamda 75 megavatt-soat sig‘imdagi energiya saqlash tizimi (akkumulyator batareyalari) quriladi. Bundan tashqari, quyosh energiyasini milliy elektr tarmog‘iga ulash uchun 1,6 kilometr elektr uzatish liniyasi va 220 kilovoltlik podstansiya barpo etiladi.

Moliyalashtirishning $12,5 millioni OTB krediti, $12,5 millioni Osiyoda xususiy infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi (LEAP 2) jamg‘armasi krediti va $5 millioni Kanada iqlim va tabiat jamg‘armasi (CANPA) hisobidan ajratiladi. Ushbu jamg‘armalarning barchasi OTB tomonidan boshqariladi.

Loyiha ishga tushirilgach, O‘zbekistonda yiliga qo‘shimcha 634 gigavatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va karbonat angidrid chiqindilari kamida 354 ming tonnaga kamayishi kutilmoqda. Bu mamlakatning 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushini 40 foizga yetkazish maqsadiga xizmat qiladi.

Shuningdek, OTB loyiha uchun tashkil etilgan va to‘liq Masdarga tegishli kompaniyaga $9 milliongacha qisman kredit kafolatini taqdim etadi. Bu elektr energiyasi uchun to‘lovlar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur loyiha uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) $195,5 mln miqdorida moliyalashtirish paketini shakllantirgandi.