
Qora va rangli metall chiqindilarini tayyorlash faoliyati endi litsenziyalanishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
2026-yil 15-yanvar kuni qabul qilingan qonun bilan bir qator hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu o‘zgartirishlarga ko‘ra, qora va rangli metall parcha va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash hamda realizatsiya qilish faoliyati litsenziya talablariga bo‘ysunadi. Shu bilan birga, tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi ham litsenziyalash tartibiga kiritildi.
Litsenziya olishda davlat boji miqdorlari ham belgilandi. Jumladan, qora va rangli metall chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyati uchun boj BHMning 10 barobarida etib belgilandi. Tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi uchun esa BHMning 30 barobaridagi davlat boji joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya O‘zbekistonga metall parchalarini eksport qilish yo‘nalishlarini kengaytirishi haqida xabar bergan edik.