Qozog‘istonda Chery C8 krossoveri sotuvga chiqdi — narx, foto

16-yanvar 2026 11:25 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Qozog‘istonda Chery C8 krossoveri sotuvga chiqdi
Foto: Chery

Qozog‘istonda 5 o‘rindiqli Chery C8 nomli yangi va nisbatan arzon krossover savdosi boshlandi. Bu haqda Kolesa.kz nashri xabar berdi.

Modelning boshlang‘ich narxi 9,49 mln tengeni (taxminan $19,5 ming) tashkil etadi. Ushbu avtomobil oilaviy foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, jihozlari bilan e’tiborni tortmoqda.

Chery C8 ilk bor 2025-yil oxirida Qozog‘iston bozori uchun e’lon qilingan edi. Amalda u mahalliy haydovchilarga yaxshi tanish bo‘lgan Tiggo 8 Pro’ning soddalashtirilgan va arzonlashtirilgan talqini hisoblanadi. Model AMMKZ multibrend zavodida mahalliy yig‘uvdan chiqarilmoqda.

Dizayn va o‘lchamlar

Tashqi ko‘rinishda Chery C8 Tiggo 8 Pro’ga juda o‘xshash. Biroq u original disklar, radiator panjarasi va bamperlari bilan farqlanadi. Krossoverning o‘lchamlari 4722 × 1860 × 1705 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2710 mm ni tashkil etadi. Salon 5 kishiga mo‘ljallangan, yukxona hajmi esa 1179 litr.

Salon va texnologiyalar

Salon dizayni Tiggo 8 Pro’dan sezilarli darajada farq qiladi. Bu yerda yagona panel o‘rniga alohida displeylar qo‘llangan. Raqamli asboblar paneli 7 dyuymli, multimedia tizimi esa 10,25 dyuymli sensorli ekran orqali boshqariladi. Iqlim nazorati uchun alohida kichik displey markaziy tunnelga joylashtirilgan.

Chery C8 texnik xususiyatlar

Chery C8 1,5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u 147 ot kuchi va 210 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. Uzatmalar qutisi – 6 pog‘onali robot, yuritma esa faqat old g‘ildirakli. Aralash yoqilg‘i sarfi 100 km ga 8 litrni tashkil etadi. Orqa o‘qda mustaqil ko‘p richagli osma qo‘llangan.

Jihozlanish va narx

Qozog‘istonda Chery C8 faqat bitta – Classic komplektatsiyasida taklif etilmoqda. Unga LED optika, 18 dyuymli disklar, kalitsiz kirish, kruiz-nazorat va to‘liq xavfsizlik yostiqlari to‘plami kiradi. Salon ikki zonali iqlim nazorati, haydovchi o‘rindig‘ining elektr sozlamasi, 4 ta dinamika, 3 ta USB port, shuningdek rul, old o‘rindiqlar, oynalar va ko‘zgular isitilishi bilan jihozlangan. Multimedia tizimi Apple CarPlay va Android Auto’ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mutaxassislar fikricha, narx va jihozlar nisbatini hisobga olganda, Chery C8 Qozog‘iston bozorida mustahkam o‘rin egallashi mumkin. Taqqoslash uchun, Tiggo 7 narxlari 10,29 – 12,29 mln tenge, Tiggo 4 esa 8,49 – 9,19 mln tenge oralig‘ida sotilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo avtomobillari ustidan shikoyatlar ko‘payayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek