Lifestyle

Subway Surfers o‘yinining ikkinchi qismi 26-fevral kuni chiqadi

SYBO studiyasi yangi loyihani Subway Surfers City nomi ostida taqdim etdi
Subway Surfers o‘yinining ikkinchi qismi 26-fevral kuni chiqadi
Foto: SYBO

Mashhur mobil o‘yin Subway Surfers’ning davomi rasman e’lon qilindi. Bu haqda SYBO studiyasi rasmiy sahifasida xabar berdi.

Subway Surfers City | Official Cinematic Trailer

SYBO studiyasi yangi loyihani Subway Surfers City nomi ostida taqdim etdi. O‘yin iOS va Android platformalarida 26-fevral kuni ishga tushiriladi.

Yangi qismda o‘yin konsepsiyasi sezilarli darajada o‘zgargan. Agar original Subway Surfers dunyo bo‘ylab sayohatga asoslangan bo‘lgan bo‘lsa, endi voqealar Subway City deb nomlangan doimiy megapolisda kechadi. Ushbu shahar ko‘p madaniyatli markaz sifatida tasvirlangan bo‘lib, u to‘rtta asosiy hududga bo‘lingan: Doki, Sautline, Sunrise Boulevard va Delorian Park.

O‘yin jarayoniga bir qator yangi mexanikalar qo‘shilgan. Jumladan, tezlashtiruvchi panellar, maxsus oyoq zarbasi (stomp) hamda sakrab himoyalanish imkonini beruvchi qalqon paydo bo‘ladi. Shuningdek, Subway Surfers City’da uchta asosiy rejim mavjud bo‘ladi: an’anaviy cheksiz yugurish, topshiriqlar va bosqichlardan iborat «Shahar bo‘ylab tur» syujet rejimi hamda vaqt bilan cheklangan sinovlarni taklif qiluvchi «Voqealar rejimi».

Ishlab chiquvchilar har bir yangi mavsumda shahar kengayib borishini va o‘yinga yangi hududlar, qahramonlar, liboslar hamda xoverbordlar qo‘shilishini va’da qilmoqda.

Ma’lumot uchun, birinchi Subway Surfers 2012-yilda chiqarilgan va mobil o‘yinlar tarixidagi eng ommabop loyihalardan biriga aylangan. SYBO ma’lumotiga ko‘ra, o‘yin 4,5 milliard martadan ortiq yuklab olingan. Hozir ham uning oylik faol auditoriyasi 100 – 150 million foydalanuvchini tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan geymerlar uchun 2025-yilning eng uzoq quvvat saqlovchi smartfonlari qaysiligi haqida yozgandi.