Yangiliklar

Taftish.uz nashrining jurnalistlari qo‘lga olindi

Ular Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha gumon qilinmoqda
Foto: Vladislav Shatilo / RBK

16-yanvar kuni Taftish.uz internet nashrining 5 nafar xodimi protsessual tartibda ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushlanganlar orasida 1988-yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda nashr vakillari 1992-yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000-yilda tug‘ilgan Sardor Xamidov, 2006-yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998-yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonovlar bor. Ular Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244⁶-moddasida (yolgʻon axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

IIBB holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Bektemir tumanida AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan shikoyat qilishini aytib, 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan erkakka nisbatan sud hukmi chiqarilgandi.