
AQSh Davlat departamenti 75 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston uchun ham immigratsiya vizalarini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov Kursiv Uzbekistan’ga bu bo‘yicha ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, ro‘yxatda O‘zbekiston bor bo‘lsa ham, lekin hali hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan. Fuqarolarga viza berish tizimi oldin qanday ishlagan bo‘lsa, hozir ham shu tarzda davom etmoqda.
15-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Siddiqovga Qo‘shma Shtatlardagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi.
Ma’lumot uchun, AQShning immigratsion vizasi – bu chet el fuqarosiga AQSh hududida doimiy yashash huquqini beradigan viza turi bo‘lib, u orqali shaxs mamlakatga kirgach doimiy rezident maqomini oladi. Bunday viza AQShda doimiy yashash, ishlash, o‘qish va qonun doirasida biznes yuritish imkonini beradi hamda kelajakda AQSh fuqaroligini olish uchun murojaat qilish huquqini yaratadi.
Immigratsion viza noimmigratsion vizalardan farq qiladi, chunki u vaqtinchalik emas, balki AQShda doimiy yashashni ko‘zda tutadi.
AQSh joriy etayotgan pauza noimmigratsion viza – vaqtinchalik (turizm, o‘qish, ish safari, davolanish va boshqalar) vizalarga taalluqli emas.
Arizalarni ko‘rib chiqish joriy yil 21 yanvardan boshlab to‘xtatiladi.
Avvalroq «Kursiv» AQSh Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolariga viza uchun garov puli to‘latmoqchiligi haqida yozgandi.