To‘ylar uchun hashamat solig‘i, Taftish.uz’ning qo‘lga olinishi, Onix va Tracker’ga chegirmalar — 16-yanvar kunidagi muhim yangiliklar

Kursiv Uzbekistan 16-yanvar kuni e’lon qilingan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
Chiqindi xizmatidan qarzdor abonentlar ogohlantirish oldi

Chiqindi xizmatidan qarzdor abonentlarga rasmiy ogohlantirish yuborildi. 15-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 9,3 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud. Shu munosabat bilan 118,6 ming nafardan ortiq abonentlarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «2100» qisqa raqami orqali SMS-ogohlantirishlar yuborilgan.
Mahkumlarga masofadan videomuloqot qilish huquqi berildi

Mahkumlar masofali video-uchrashuv orqali muloqot qilish huquqiga ega bo‘ldi. 2026-yil 15-yanvar kuni qabul qilingan qonun Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Unga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga 15 daqiqa davom etuvchi masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali muloqot qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, avval mahkumlar 15 daqiqa davom etuvchi telefon orqali bir marta so‘zlashish huquqiga ega bo‘lgan.
Nodirbek Abdusattorov Freestyle shaxmat bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma oldi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov chess.com platformasidagi saralash turnirida g‘alaba qozonib, FIDE Freestyle Chess World Championship musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Abdusattorov rasmiy Play-In turnirining hal qiluvchi bahsida hindistonlik Pranav Venkateshni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur musobaqa FIDE va Freestyle Chess hamkorligida tashkil qilinayotgan ilk rasmiy jahon chempionati hisoblanadi.
Chevrolet Onix va Tracker avtomobillariga chegirmalar e’lon qilindi

«UzAuto Motors» AJ Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarini chegirmali narxlarda taklif qildi. Bu haqda kompaniya o‘zining rasmiy sahifasida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ushbu aksiya doirasida Chevrolet Tracker va Onix MY2025 rusumli avtomobillarini 100% to‘lov asosida xarid qilgan mijozlarga amaldagi chegirmalarga qo‘shimcha ravishda maxsus chegirmalar beriladi.
Xususan, Chevrolet Tracker MY2025 avtomobilining barcha komplektatsiyalari uchun 100% to‘lov sharti bilan 12 mln so‘m qo‘shimcha chegirma taqdim etiladi. Bunda komplektatsiyasiga qarab avvaldan amal qilayotgan 22 mln so‘mgacha bo‘lgan chegirmalar ham saqlanib qoladi.
U-17 Osiyo kubogiga qur’a tashlash marosimi sanasi va joyi ma’lum bo‘ldi

Osiyo futbol konfederatsiyasi 2026-yilgi U-17 Osiyo kubogi final bosqichiga qur’a tashlash marosimi 12-fevral kuni Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Musobaqa joriy yilning 14 – 31-may kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi. Qur’a jarayonida ishtirokchi jamoalar to‘rtta savatchaga ajratiladi. O‘zbekiston U-17 terma jamoasi musobaqaning amaldagi g‘olibi sifatida birinchi savatchadan o‘rin olgan.
Kumush narxi pasayib ketdi

Kumush narxlari AQShning asosiy minerallarga import bojlarini joriy qilmaslik to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng investorlar foyda ko‘rishlari ortidan pasaydi.
Kumush narxi $93,7 lik rekord darajaga yetganidan so‘ng 7,3 foizga pasayib, bir unsiya uchun $87,7 ni tashkil etdi. Metall so‘nggi to‘rtta savdo sessiyasida 20 foizdan ortiqqa oshdi. Oltin ham pasaydi.
Subway Surfers o‘yinining ikkinchi qismi 26-fevral kuni chiqadi

Mashhur mobil o‘yin Subway Surfers’ning davomi rasman e’lon qilindi. SYBO studiyasi yangi loyihani Subway Surfers City nomi ostida taqdim etdi. O‘yin iOS va Android platformalarida 26-fevral kuni ishga tushiriladi.
Yangi qismda o‘yin konsepsiyasi sezilarli darajada o‘zgargan. Agar original Subway Surfers dunyo bo‘ylab sayohatga asoslangan bo‘lgan bo‘lsa, endi voqealar Subway City deb nomlangan doimiy megapolisda kechadi. Ushbu shahar ko‘p madaniyatli markaz sifatida tasvirlangan bo‘lib, u to‘rtta asosiy hududga bo‘lingan: Doki, Sautline, Sunrise Boulevard va Delorian Park.
Eng ko‘p kitob o‘qigan xodimlarga pul mukofoti beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, barcha vazirlik va idoralarda 2026-yil 1-martga qadar tegishli soha bo‘yicha tavsiya etiladigan kasbiy adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Shu bilan birga, har yili kamida uchta kasbiy adabiyot mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilinadi va malakali mutaxassislar ishtirokida izohlar, lug‘at va misollar bilan boyitiladi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-aprelga qadar tashkilotlarda «Kitob burchagi» tashkil etiladi va xodimlar uchun har oy «Kitob o‘qish soati» yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ichki kitobxonlik reyting tizimi joriy qilinadi va tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Taftish.uz nashrining jurnalistlari qo‘lga olindi

16-yanvar kuni Taftish.uz internet nashrining 5 nafar xodimi protsessual tartibda ushlandi. Qayd etilishicha, ushlanganlar orasida 1988-yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda nashr vakillari 1992-yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000-yilda tug‘ilgan Sardor Xamidov, 2006-yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998-yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonovlar bor. Ular Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244⁶-moddasida (yolgʻon axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
Dabdabali to‘ylar uchun hashamat solig‘ini joriy etish kerak — Alisher Qodirov
O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarni tartibga solish maqsadida Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov hashamat solig‘ini joriy etish kerakligini ma’lum qildi.
Qodirovning ta’kidlashicha, to‘ylar boylikni ko‘rsatish vositasiga aylanmasligi kerak.
«Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish davri ortda qoldi. Hech kim bir-biriga ko‘rsatish uchun to‘y qilmasligi lozim. Daromadimizni faqat to‘ylarga isrof qilish millatimizning og‘riqli illatlaridan biri», — dedi u.
Partiya raisi hashamat solig‘i taklifini izohlarkan, to‘yga kelgan har bir mehmon uchun soliq hisoblanishi kerakligini aytdi. U, shuningdek, aholiga mablag‘ni to‘ylarga sarflash o‘rniga farzandlar ta’limi, uy-joy yoki boshqa foydali maqsadlar uchun ishlatishni tavsiya qildi.