
YouTube platformasida 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun Shorts videolarini tomosha qilish vaqtini cheklash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqda kompaniya rasmiy xabarida ma’lum qildi.

Yangi sozlamalar orqali ota-onalar bolalar akkauntlari uchun kunlik tomosha vaqtini 15 daqiqadan 2 soatgacha bo‘lgan oraliqda belgilashlari mumkin. Shuningdek, yaqin vaqt ichida Shorts kontentini bolalar uchun to‘liq bloklash imkoniyati ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
YouTube vakillarining ta’kidlashicha, bu – sohada birinchi bo‘lib ota-onalarga farzandlari tomosha qiladigan qisqa videolar hajmini to‘liq nazorat qilish imkonini beruvchi yangilik hisoblanadi. Bundan tashqari, ota-onalar bolalarga uxlash vaqti kelganini yoki tanaffus qilish zarurligini eslatuvchi bildirishnomalarni ham sozlashlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniyada internet orqali fastfudlarni reklama qilish taqiqlangani haqida yozgandi.