1000 dollarga «prava», Taftish.uz ishining yangi tafsilotlari — 17-yanvar kuni e’lon qilingan yangiliklar

Kursiv Uzbekistan 17-yanvar kuni e’lon qilingan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
Dam olish kunlari qaysi banklar ishlaydi

Markaziy bank dam olish kunlari aholiga qulaylik yaratish maqsadida bir qator tijorat banklarida valyuta ayirboshlash va xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatlari davom etishini ma’lum qildi.
17 – 18-yanvar shanba va yakshanba kunlari 18 ta banklarning ayrim shoxobchalari faoliyat yuritadi.
Termiz – Denov yo‘nalishida avtobus qatnovi ishga tushirildi — yo‘l haqi 10 ming so‘mdan boshlanadi

Surxondaryo viloyatida aholi uchun qulay va uzluksiz transport xizmatlarini kengaytirish maqsadida Termiz – Denov yo‘nalishi bo‘yicha yangi muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda viloyat Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qatnovlar har kuni belgilangan jadval asosida amalga oshiriladi. Xususan, Termiz shahridagi Manguzar avtoshohbekatidan avtobuslar soat 14:00 da yo‘lga chiqadi. Denov avtoshohbekatidan esa Termiz yo‘nalishidagi qatnovlar har kuni soat 17:00 ga belgilangan.
Taftish.uz faoliyati bo‘yicha yangi tergov tafsilotlari ochiqlandi — video

Bugun, 17-yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Taftish.uz nomi bilan faoliyat yuritgan media platforma atrofida shakllangan guruh faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mazkur loyiha ayrim shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositasi niqobi ostida noqonuniy daromad manbaiga aylantirilgan.
Tergov materiallarida qayd etilishicha, guruh a’zolari YouTube, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar, tadbirkorlar hamda tashkilotlar sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videomateriallar joylashtirgan. Ushbu videolar keyinchalik o‘chirilishi yoki tarqatilishi to‘xtatilishi evaziga pul talab qilish vositasi sifatida ishlatilgan.
Navoiyda $1000 evaziga Ichki ishlarga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida fuqaroni ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘yish hamda imtihonsiz haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Navoiy telekanalining «Diyor 24» axborot dasturi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1994-yilda Uchquduq tumanida tug‘ilgan shaxs bir fuqaroning ishonchiga kirib, go‘yoki ichki ishlar organlaridagi tanishlari orqali uni tizimga ishga joylashtirib berishini va haydovchilik guvohnomasini imtihonsiz rasmiylashtirib berishini aytgan. Ushbu xizmatlar evaziga u $1000 talab qilgan.
Istanbul aeroportining sobiq rahbari Toshkentdagi yangi aeroport qurilishida ishtirok etadi

Istanbul xalqaro aeroportining sobiq bosh direktori Berk Albayrak Toshkent viloyatida barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishi loyihasida ishtirok etadi. Bu haqda o‘zining Linkedin’dagi ma’lumotlarida ma’lum qildi.
U loyiha doirasida konsorsiumning asosiy ishtirokchisi – Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi vakili sifatida faoliyat yuritadi.
Berk Albayrak 2026-yil yanvar oyidan boshlab «Yangi Toshkent» aeroporti qurilishi bo‘yicha loyiha ofisi (PMO) bosh menejeri lavozimini egallagan. Uning ish joyi sifatida Vision Invest kompaniyasi ko‘rsatilgan.
«Ushbu muhim loyihani amalga oshirishda o‘z hissamni qo‘shish va barcha manfaatdor tomonlar bilan birgalikda yuksak natijalarga erishishni intiqlik bilan kutyapman», – degan Berk Albayrak.
O‘zbekiston yashash xarajatlari eng arzon davlatlar qatoridan o‘rin oldi

O‘zbekiston yashash xarajatlari eng past bo‘lgan davlatlar top 20 taligidan joy oldi. Platforma tomonidan tuzilgan 2026-yilgi global yashash qiymati reytingiga ko‘ra, mamlakat 155 ta davlat orasida 138-o‘rinni egalladi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda yashash xarajatlari indeksi 27,3 ballni tashkil etgan. Reytingda Nyu-York shahri 100 ball bilan asos sifatida olingan bo‘lib, indeks qanchalik past bo‘lsa, mamlakatda yashash shunchalik arzon hisoblanadi.