Yangiliklar

ChatGPT’ning bepul versiyasida reklama paydo bo‘ladi

Dastlabki bosqichda reklama AQShdagi bepul versiya foydalanuvchilari orasida test qilinadi
Foto: Solen Feyissa / Unsplash

OpenAI kompaniyasi ChatGPT’da reklama ko‘rsatishni sinov tariqasida joriy etishni boshladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Dastlabki bosqichda reklama AQShdagi bepul versiya foydalanuvchilari orasida test qilinadi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Plus, Pro, Business, Enterprise va Edu kabi pullik obunalarda reklama joylashtirilmaydi. Reklama bloklari aniq belgilangan bo‘ladi va sun’iy intellekt tomonidan beriladigan javoblardan alohida joylashtiriladi. Ular ChatGPT javoblarining mazmuniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Reklamalar standart holatda foydalanuvchi qiziqishlariga moslashtirilgan bo‘ladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar istalgan vaqtda reklama sozlamalari uchun ishlatiladigan ma’lumotlarni o‘chirish imkoniyatiga ega. OpenAI ta’kidlashicha, ChatGPT bilan bo‘lgan suhbatlar reklama beruvchilarga uzatilmaydi. Kelajakda esa foydalanuvchilar reklama beruvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chat orqali savol berish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, so‘nggi yangilanishlardan so‘ng ChatGPT ilovasining personalizatsiya bo‘limida chat-botning nutq uslubini sozlash funksiyasi paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilar to‘rtta parametrni – iliqlik darajasi, entuziazm, ro‘yxatlar va sarlavhalardan foydalanish hamda emojilarga moyillikni ko‘proq, kamroq yoki standart holatga moslab sozlashlari mumkin.