
Apple’ga oid ma’lumotlar sizib chiqishlari sabab sudga tortilgan insayder Jon Prosser iPhone 18 Pro modelining ehtimoliy dizaynini namoyish qildi. U Front Page Tech YouTube-kanalida joylangan video joyladi.

Videoda smartfon tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlar va korpus uchun uchta yangi rang – bordo, jigarrang va binafsha ranglar ustida ishlanayotganini ma’lum qilindi.
Renderlarga ko‘ra, Apple Face ID tizimi komponentlarining bir qismini ekran ostiga joylashtirish imkoniyatini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu orqali kompaniya hozirgacha iPhone’larda qo‘llanib kelinayotgan pilula shaklidagi kesmadan voz kechishi mumkin. Uning o‘rnida displeyda faqat bitta dumaloq teshik qoladi va old kamera chap yuqori burchakka siljitiladi.
Shu bilan birga, Dynamic Island funksiyasi saqlab qolinadi, biroq u endi apparat darajasida emas, balki dasturiy interfeys ko‘rinishida ishlaydi. Ya’ni, ekranda jismoniy kesma bo‘lmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 18 Pro’ning orqa qismida o‘zgaruvchan diafragmali asosiy kamera paydo bo‘ladi. Bu mexanizm obyektivga tushadigan yorug‘lik miqdorini va tasvir chuqurligini jismoniy tarzda boshqarish imkonini beradi. Natijada dasturiy portret rejimiga qaraganda yanada tabiiy fon xiralashtirish – boke effektiga erishish mumkin bo‘ladi. Prosserning aytishicha, ushbu funksiya faqat iPhone 18 Pro Max modeli uchun eksklyuziv bo‘lishi, oddiy Pro versiya esa undan mahrum qolishi mumkin.

Texnik jihatdan, yangi avlod iPhone’lar Apple A20 Pro protsessori hamda kompaniyaning o‘zida ishlab chiqilgan takomillashtirilgan C2 modemiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu aloqa sifati va energiya samaradorligini Qualcomm yechimlariga nisbatan sezilarli darajada yaxshilashi kerak.

Shuningdek, Apple kamera boshqaruvi uchun mo‘ljallangan yon tugmani qayta ishlashni rejalashtirmoqda. Kompaniya sig‘imli sensorlardan voz kechib, oddiy bosim datchigiga o‘tishi mumkin. Bu tugmaning ishonchliligi va bosilgandagi sezgirligini oshirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 18 taqdimoti kechiktirilishi mumkinligi haqida yozgandi.