
Ice Universe Apple’ning ilk buklanadigan smartfoni — iPhone Fold maketining real fotosuratini e’lon qildi. Maket qurilmaga oid avvalroq sizib chiqqan chizmalar asosida yaratilgan.
Manbalarga ko‘ra, iPhone Fold old panelida 5,5 dyuymli, ichki buklanadigan ekrani esa 7,8 dyuymli displeyga ega bo‘ladi. Asosiy yangilik — ekranda ko‘zga tashlanadigan bukilish izi bo‘lmasligi. Insayderlar Apple bunga bosimni teng taqsimlovchi metall plastina, sharnirda suyuq metall va maxsus sensorli panel kombinatsiyasi orqali erishayotganini aytmoqda.
Qurilmaning qalinligi buklangan holatda 9 mm, ochilganda esa atigi 4,5 mm bo‘lishi kutilmoqda. iPhone Fold Apple A20 Pro protsessori, Apple’ning ikkinchi avlod C2 modemi hamda sig‘imi katta akkumulyator bilan jihozlanadi.
Ice Universe’ning ta’kidlashicha, iPhone Fold’ning chiqishi bilan bozor yangi form-faktorga o‘tadi va bir necha yildan beri Samsung ilgari surib kelayotgan dizayn yechimlari o‘z dolzarbligini yo‘qota boshlashi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda taqdim etilishi kutilayotgan iPhone Fold smartfoni haqida nimalar ma’lumligini yozgandi.