O‘zbekiston yashash xarajatlari eng arzon davlatlar qatoridan o‘rin oldi

eʼlon qilindi
Mamlakat 155 ta davlat orasida 138-o‘rinni egalladi
O‘zbekiston yashash xarajatlari eng arzon davlatlar qatoridan o‘rin oldi
Foto: Uzbekistan Travel

O‘zbekiston yashash xarajatlari eng past bo‘lgan davlatlar TOP-20 taligidan joy oldi. Bu haqda xalqaro tahliliy platforma Numbeo’da ma’lum qilindi.

Platforma tomonidan tuzilgan 2026-yilgi global yashash qiymati reytingiga ko‘ra, mamlakat 155 ta davlat orasida 138-o‘rinni egalladi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda yashash xarajatlari indeksi 27,3 ballni tashkil etgan. Reytingda Nyu-York shahri 100 ball bilan asos sifatida olingan bo‘lib, indeks qanchalik past bo‘lsa, mamlakatda yashash shunchalik arzon hisoblanadi.

Numbeo tahlili besh asosiy yo‘nalishni qamrab olgan: oziq-ovqat narxlari, uy-joy ijara haqi, restoranlar, kommunal xizmatlar va xarid qobiliyati. Alohida ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston quyidagi natijalarni qayd etdi:

  • uy-joy ijara haqi – 12,2 ball (mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri);
  • oziq-ovqat mahsulotlari – 30,1 ball;
  • restoranlardagi narxlar – 23 ball;
  • xarid qobiliyati – 47,8 ball.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tovar va xizmatlar umumiy hisobda arzon bo‘lsa-da, xarid qobiliyatining o‘rtacha darajada qolayotgani aholining real daromadlari cheklanganini ko‘rsatadi.

Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar ham reytingning quyi pog‘onalaridan joy oldi. Jumladan, Qozog‘iston — 128-o‘rin, Tojikiston — 136-o‘rin, Qirg‘iziston — 140-o‘rinni egallagan. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar tadqiqotga kiritilmagan.

Dunyoda yashash eng qimmat hududlar sifatida Bermud, Kayman orollari va Virjin orollari qayd etilgan bo‘lsa, Pokiston, Hindiston va Liviya yashash xarajatlari eng past bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olgan.

Shuningdek