
Bugun, 17-yanvar kuni soat 15:17 da Qirg‘iziston Respublikasida sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonda ham sezildi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabar berdi.
Yer silkinishining epitsentri Botken viloyati hududida joylashgan bo‘lib, zilzila Toshkent shahridan 214 kilometr janubi-sharqda qayd etildi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, zilzilaning magnitudasi 2,9, chuqurligi esa 5 kilometrni tashkil qilgan.
Zilzila O‘zbekiston hududida ham sezilgan. Xususan, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida yer silkinishi 2 ball kuch bilan, epitsentrdan 21 kilometr masofada sezilgan.
Hozircha zilzila oqibatida jabrlanganlar yoki moddiy zarar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Tojikistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonning uchta viloyatida sezilgani haqida yozgandi.