Ramzon Qodirovning o‘g‘li avariyaga uchragani aytilmoqda

Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov yo‘l-transport hodisasi ortidan Grozniydagi yangi respublika shifoxonasiga yetkazildi. U hozirda og‘ir ahvolda reanimatsiyada qolmoqda. Bu haqda Kavkaz.Realii nashriga Grozniydagi ikki mustaqil manba xabar bergan.
Manbalardan birining aytishicha, hodisadan so‘ng shifoxona atrofidagi yo‘llar yopilgan. «Adam reanimatsiyaga hushsiz holatda olib kelingani aytilmoqda. Uning aniq ahvoli haqida rasmiy ma’lumot yo‘q», — deydi suhbatdosh. Shunga o‘xshash ma’lumotni Chechen diasporasi vakili ham tasdiqlagan.
Shuningdek, Adam Qodirov korteji yuqori tezlikda harakatlangan. Yo‘lda kutilmagan to‘siq paydo bo‘lgach, kortejdagi avtomobillar birin-ketin to‘qnashgan. Natijada bir nechta mashinalar shikastlangan va jabrlanganlar borligi aytilmoqda. Harakat vakillarining ta’kidlashicha, aynan Adam Qodirov bilan bog‘liq holat sabab katta shov-shuv yuzaga kelgan.
NIYSO vakili Kavkaz.Realii’ga bergan izohida, ma’lumotlar turli manbalardan kelayotganini, biroq Adam Qodirovning ahvoli bo‘yicha hozircha aniq xulosa chiqarish qiyinligini bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramzon Qodirovga «Checheniston Qahramoni» unvoni berilgani haqida yozgandi.