Samarqanddagi Taxtaqoracha dovonida transport harakati vaqtincha cheklandi

eʼlon qilindi
16-yanvar kuni soat 21:30 dan boshlab
Foto: Samarqand viloyati IIB YHXB

16-yanvar kuni soat 21:30 dan boshlab Samarqand viloyati Urgut tumani hududidan o‘tuvchi M-39 Olmaota–Bishkek–Toshkent–Shahrisabz avtomobil yo‘lining Taxtaqoracha dovonida noqulay ob-havo sharoiti kuzatildi. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar berdi.

Qor yog‘ishi va havo haroratining keskin pasayishi oqibatida yo‘l qoplamasining yuza qismi muzlab, harakat xavfsizligiga tahdid yuzaga keldi.

Shu munosabat bilan dovon hududida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Taxtaqoracha dovonining Urgut–Kitob yo‘nalishi bo‘yicha transport vositalari harakati vaqtincha cheklandi.

Mas’ul idoralar haydovchilardan belgilangan cheklovlarga qat’iy amal qilishni, muqobil yo‘llardan foydalanishni hamda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etishni so‘ramoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan havo sovuqligi munosabati bilan energiya tizimi kuchaytirilgan rejimga o‘tkazilishi haqida yozgandi.

Shuningdek