
Surxondaryo viloyatida aholi uchun qulay va uzluksiz transport xizmatlarini kengaytirish maqsadida Termiz – Denov yo‘nalishi bo‘yicha yangi muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda viloyat Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qatnovlar har kuni belgilangan jadval asosida amalga oshiriladi. Xususan, Termiz shahridagi Manguzar avtoshohbekatidan avtobuslar soat 14:00 da yo‘lga chiqadi. Denov avtoshohbekatidan esa Termiz yo‘nalishidagi qatnovlar har kuni soat 17:00 ga belgilangan.
Yo‘lkira narxlari yo‘nalishga qarab belgilangan. Jumladan, Termiz – Denov yo‘nalishi uchun yo‘l haqi 35 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, Termiz – Sho‘rchi yo‘nalishi 30 ming so‘m, Termiz – Qumqo‘rg‘on 20 ming so‘m, Termiz – Jarqo‘rg‘on yo‘nalishi esa 10 ming so‘m etib belgilangan.
Mazkur yo‘nalishda qatnovchi avtobuslar zamonaviy, shinam hamda barcha zarur qulayliklar bilan jihozlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qarshi shahriga 43 dona yangi zamonaviy avtobus keltirilgani haqida yozgandi.