
Tesla kompaniyasi Model Y krossoverining 2026-yilgi yetti o‘rindiqli versasi savdosini rasman boshladi. Yangilik uchinchi qator o‘rindiqlari bilan jihozlanib, avtomobilni oilaviy foydalanish uchun yanada qulayroq qiladi.
Uchinchi qator o‘rindiqlari Premium All-Wheel-Drive Long Range komplektatsiyasida taklif etilmoqda. Ushbu opsiya narxi $2,5 mingni tashkil etadi va boshqa versiyalar uchun mavjud emas.
Tesla ushbu imkoniyatni o‘tgan yili e’lon qilib, yetti kishi uchun joy va yuklar uchun yetarli hajm va’da qilgan edi. Biroq konfigurator rasmlariga ko‘ra, uchinchi qatordagi o‘rindiqlar asosan bolalar uchun mo‘ljallangan — oyoqlar uchun joy cheklangan. Kompaniya yetti o‘rindiqli salon ikkinchi va uchinchi qator o‘rindiqlari buklanadigan ekanini bildirgan, biroq ularning elektr mexanizmga ega-emasligi aniqlashtirilmagan.

Avvalroq Tesla AQSh bozorida Model Y’ning yetti o‘rindiqli talqinini qisqa muddat taklif qilgan, biroq 2025-yil boshidagi yangilanishdan so‘ng model faqat besh o‘rindiqli variantda sotilgan edi.
2025-yil avgustida Tesla Xitoy bozorida olti o‘rindiqli Model YL versiyasini ham chiqargan. Ushbu modelning g‘ildirak bazasi 15,5 sm ga uzaytirilgan bo‘lib, AQSh talqinida mavjud emas. Ilon Mask bu versiya AQShda 2026-yil oxirida paydo bo‘lishi yoki umuman chiqarilmasligi mumkinligini aytgandi.
Model Y 2026’dagi boshqa o‘zgarishlar asosan Premium versiyaga taalluqli. Ular qatoriga 20 dyuymli to‘q kulrang Helix disklar, tom qoplamasining yangi qora rangi, yuqori aniqlikka ega 16 dyuymli displey hamda qoraytirilgan orqa emblemlar kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla avtoboshqaruv dasturini faqat oylik obuna asosida taklif qilishi haqida yozgandi.