
Bugun, 19-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevga aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ro‘yxatga olish joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqich 15 – 31-yanvar kunlarini qamrab olib, bu davrda fuqarolar maxsus axborot tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ikkinchi bosqich esa 4 – 28-fevral kunlari bo‘lib, unda mahalla yettiligi xodimlari uyma-uy yurib, savolnomalarni planshet qurilmalari orqali to‘ldiradi.
Ro‘yxatga olish jarayonlari census.stat.uz portali orqali amalga oshiriladi va OneID tizimi yordamida identifikatsiya qilinadi. Barcha ma’lumotlar geoaxborot tizimi asosida monitoring qilinmoqda. Shu maqsadda respublika bo‘yicha 7,6 milliondan ortiq xonadon va turarjoylarning geomanzillari shakllantirildi hamda jarayonlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi maxsus monitoring dashbordlari joriy etildi.
Fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar qonunchilik talablariga muvofiq himoya qilinishi, shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanishi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llanilishi qayd etildi.
Ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun 14 ta hududiy hamda 208 ta tuman va shahar shtablari tashkil qilindi. Jarayonga qariyb 60 ming nafar ro‘yxatga oluvchi xodimlar jalb etildi. Jumladan, 54 ming nafar «mahalla yettiligi» vakillari, 2,6 ming nafar zaxira xodimlar va 4 ming nafar hududiy shtab a’zolari tayyorlandi. Shuningdek, vazirlik va idoralardan 480 nafar trener, oliy ta’lim muassasalaridan 3,2 ming nafar volontyor o‘quvdan o‘tkazildi.
Aholini xabardor qilish va targ‘ibot ishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 110 ta targ‘ibot videoroligi, 600 ta televizion lavha tayyorlandi, ijtimoiy tarmoqlarda 6,3 mingta, aholi gavjum joylar va jamoat transportlarida esa 23 mingdan ortiq axborot materiallari joylashtirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar maxsus portal orqali 2,48 million xonadon hamda 31 mingta fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari ro‘yxatga olingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish soliqqa tortish uchun emasligi haqida yozgandi.