AQSh askarlari Iroqdagi barcha harbiy bazalarni tark etdi

eʼlon qilindi
Kurdistondagi Harir aviabazasi bundan mustasno
AQSh askarlari Iroqdagi barcha harbiy bazalarni tark etdi / Foto: AP

Iroq hukumati AQSh kuchlari mamlakatning federal hududidagi barcha harbiy bazalardan to‘liq chiqib ketganini ma’lum qildi. Biroq, yarim mustaqil Kurdiston mintaqasidagi Harir aviabazasi AQSh nazoratida qolmoqda, deya xabar beradi CNN.

Iroq Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, AQSh maslahatchi askarlarining so‘nggi guruhi g‘arbiy Iroqdagi Anbar viloyatidagi Al-Asad aviabazasidan chiqib ketdi. Ushbu baza AQSh qo‘shinlari uchun 20 yildan ortiq xizmat qilgan. Qo‘shma operatsiyalar markazi ham Iroq xavfsizlik kuchlariga topshirildi.

AQShning Iroqdagi harbiy mavjudligi 2003-yildagi bosqindan so‘ng keskin o‘zgarib kelgan. Eng yuqori nuqtada mamlakatda 170 ming AQSh qo‘shini bo‘lgan. 2011-yilda sobiq prezident Barak Obama ularni mamlakatdan olib chiqqan, 2014-yilda esa Iroq hukumati so‘rovi bilan 5 ming askar qayta joylashtirilgan. 2021-yildan boshlab AQSh askarlari Iroqda faqat maslahat va yordam ko‘rsatish vazifasida bo‘lgan.

Iroq rasmiylari mamlakatning barcha qurolli kuchlari xavfsizlikni ta’minlash uchun yetarli salohiyatga ega ekanini bildirdi va AQSh bilan kelajakdagi hamkorlik tayyorgarlik, jihoz olish, qo‘shma mashg‘ulotlar va operatsion muvofiqlikka qaratilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Trampning da’volariga javoban Grenlandiyaga qo‘shin yuborgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek