
Chery kompaniyasi 2026-yilda yangi Chery Liefeng avtomobilini taqdim etadi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu model −30°C haroratda ham 1 500 km masofani bosib o‘ta oladi. Batareya Chery tomonidan ishlab chiqilayotgan Rhino S solid-state texnologiyasiga asoslanadi. Uning energiya zichligi 600 Wh/kg darajasiga yetishi aytilmoqda.

Chery solid-state batareyada oksid elektrolit yo‘lini tanlagan. Hozirda bozorda polimer, oksid va sulfid asosidagi yechimlar raqobatda qolmoqda. Kompaniya sovuq iqlimdagi barqaror ishlashni asosiy ustunlik sifatida ko‘rsatmoqda.
Liefeng modeli 800 voltli arxitekturaga ega bo‘ladi. Elektromotor aylanish tezligi 30 ming ayl/min gacha yetadi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlashuv 3 soniyadan kam bo‘lishi kutilmoqda. Maksimal tezlik 260 km/soat etib ko‘rsatilgan.

2025-yil dekabr oyida Chery yana bir shooting brake modelini taqdim etgan edi. Exeed ES8 solid-state batareya bilan 1 000 km elektr yurish masofasiga ega bo‘lishi aytilgan. Dizayn jihatdan ES8 va Liefeng faralari bir xil uslubda bajarilgan.
Chery solid-state batareyalarni joriy etishda bosqichma-bosqich yondashuvni tanlagan. 2026-yilda dastlab taksi va ijara bozorlarida foydalanishi boshlanadi. Keng ko‘lamli ommaviy ishlab chiqarish 2027-yilga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Fengyun T9L krossoverining xususiyatlari haqida yozgan edi.