
So‘nggi paytlarda fuqarolardan ayrim dorixonalar faoliyati yuzasidan norozilik murojaatlari kelib tushmoqda. Murojaatlarda tibbiy spirt so‘ralganida dorixona xodimlari tomonidan uning o‘rniga losyon taklif etilayotgani qayd etilgan. Mazkur holatlar munosabati bilan Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Sirli mijoz» tadbiri doirasida dorixonalarda spirt mahsulotlarining realizatsiya qilinishi o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida 20 dan ortiq dorixona qamrab olindi. Natijalarga ko‘ra, ularning qariyb 25 foizida spirt so‘ralganida uning o‘rniga losyon berilgani aniqlangan.
Shu bilan birga, dori vositalarini ishlab chiqarishda GDP sertifikatlari joriy etilib, sifat nazorati kuchaytirilgan davrda ayrim spirt ishlab chiqaruvchilar litsenziya olmasdan, spirt o‘rniga losyon ishlab chiqarishni boshlagani ma’lum bo‘ldi. Bu holat bo‘yicha iste’molchilarga yetarli va aniq ma’lumot berilmagani ularning chalg‘ishiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumki, 70 foizlik tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida, xususan, in’eksiya oldidan terini ishlov berishda, asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilishda, yaralarni davolashda hamda jarrohlik amaliyotlarida keng qo‘llaniladi. Losyon esa tarkibida spirt miqdori past bo‘lgan kosmetik mahsulot bo‘lib, asosan terini tozalash, ortiqcha yog‘lanishni kamaytirish va kosmetika qoldiqlarini olib tashlash uchun mo‘ljallangan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, spirt o‘rniga losyon taklif etilishi kutilgan tibbiy samarani bermasligi, ayrim holatlarda esa iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin. Bu esa iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumot berilishiga va natijada zarar yetkazilishiga olib keladi.
Mazkur holatlar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari sifatida baholanib, tegishli dorixonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga rasmiy murojaat yuborilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dorixonalarda antibiotiklarning elektron retsept orqali berilishi allaqachon amalda ekanligi haqida yozgandi.